Parkentlik xotin-qizlar “Salomatlik sari” aksiyasi doirasida bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
Parkent tumanida “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida o‘tkazilgan tadbirlar inson qadri va farovonligini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar bilan ahamiyatli bo‘ldi. “Soy” mahallasida “Salomatlik sari” aksiyasi doirasida ginekolog, nevropatolog, LOR, okulist, terapevt, pediatr va kardiologlar ishtirokida bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Mobil EKG, UTT va laboratoriya uskunalari bilan jihozlangan mutaxassislar aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatib, erta tashxis va kasalliklarning oldini olishga hissa qo‘shdilar.
Shuningdek, “Bir jamoada” aksiyasi doirasida tadbirkor ayol Surayyo Tilyakova rahbarlik qilayotgan “Shabnam elegant” korxonasida xotin-qizlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda korxonada ayollar, yoshlar va imkoniyati cheklangan shaxslar uchun yaratilgan mehnat sharoitlari, ularni ish bilan ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar alohida ta’kidlandi. Bu kabi tashabbuslar ayollar tadbirkorligini rivojlantirish va ijtimoiy himoyani kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Tadbirlar davomida ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, manzilli yordamlar ko‘rsatildi. Jumladan, imkoniyati cheklangan farzandi bor oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi, “Umid” aksiyasi doirasida boquvchisini yo‘qotgan Muyassar Raximovaga minipech topshirildi. Shuningdek, “Keksalarga mehr” aksiyasi orqali yolg‘iz keksalarga amaliy yordam ko‘rsatildi. Bu kabi aniq va manzilli ishlar aholi muammolarini hal etishda muhim o‘rin tutmoqda.