Paxtaoboddagi sayyor qabulda 5 nafar talabaga shartnoma pullarini to‘lash uchun vaucher berildi
Andijon viloyati, Paxtaobod tumanida O'zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida tashkil etilgan sayyor qabul aholi bilan ochiq muloqot va muammolarga amaliy yechim topish maydoniga aylandi. Qabulda partiya viloyat Kengashi rahbarlari, mahalliy deputatlar, tuman hokimligi va mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etib, 30 dan ortiq mahalladdan kelgan fuqarolarning 50 dan ziyod murojaatlarini tingladi.
Murojaatlarda asosan ichki yo‘llarni ta’mirlash, bandlik, ta’lim kontraktlari, ijtimoiy himoya va sog‘liqni saqlash masalalari ko‘tarildi. Xususan, talaba Hilola Sayfullayevaga kontrakt to‘lovining 50 foizini qoplash uchun vaucher ajratildi, Marg‘ubaxon Qirg‘izovaning bepul davolanish orderi rasmiylashtirildi, Xosiyatxon Abdullayeva esa nogironlik aravachasi bilan ta’minlandi.
Sayyor qabul yakunida 30 dan ortiq murojaat joyida hal etildi. Shuningdek, 5 nafar yoshga kontrakt uchun vaucherlar, 2 nafar fuqaroga nogironlik aravachasi va qo‘ltiqtayoqlar, ehtiyojmand oilalarga esa oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Bunday amaliy ishlar aholi ishonchini mustahkamlab, inson qadrini ulug‘lashga xizmat qilmoqda.