Asosiy kontentga o‘tish
Payshanba 10-sentyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

O‘rta yo‘lak — Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyati

10.09.2026
47

O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi munosabatlarda tomonlarning o‘zaro hurmat, milliy manfaatlarni inobatga olish va xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlik qilishga intilish yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Xususan, 2025-yil sentyabr oyida SHHT doirasida Pekinda o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich o‘rtasida samarali muloqot bo‘lib o‘tgan edi.

Shu bilan birga, Serbiya Prezidentining o‘tgan yil 28–30-oktyabr kunlari yurtimizga amalga oshirgan rasmiy tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasida siyosiy, iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlarni yaratdi.

Joriy tashrif esa boshlangan hamkorlik aloqalarni Strategik sheriklik munosabatlari darajasiga ko‘tardi. Ya’ni, muzokaralar yakunida davlat rahbarlari tomonidan Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya imzolandi. Natijada davlatlarimiz o‘rtasida uzoq muddatli, tizimli va ko‘p sohali hamkorlikni rivojlantirish uchun yuqori darajadagi siyosiy kelishuv va ishonch rishtalariga asos vujudga keldi.

Bundan tashqari, yigirmadan ortiq ikki tomonlama hujjatlar, xususan, Mehnat mobilligi va migratsiyasi to‘g‘risida, Avtomobil transportida yo‘lovchi va yuklarni xalqaro tashish to‘g‘risida, Hududlararo hamkorlik to‘g‘risida, Qishloq va suv xo‘jaligi hamda qishloq joylarni barqaror rivojlantirish sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risida, Bojxona ishlarida hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risida, Erkin savdo to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralarni boshlash uchun ishchi guruh tuzish to‘g‘risida, Qayta tiklanuvchi energetika va “yashil” texnologiyalar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida, O‘rta yo‘lakni qo‘llab-quvvatlash borasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi hujjatlar shular jumlasidan. Yuqorida qayd etilgan sohalarda imzolangan hujjatlar davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar yo‘nalishlari ko‘lamining keng ekanligini ko‘rsatadi.

Ta’kidlash joizki, davlatlararo hamkorlikda savdo iqtisodiy, transport yo‘laklarini rivojlantirish alohida ahamiyatga ega. Chunki, Serbiya Bolqon yarimorolidagi davlat sifatida qadim dan Yevropa mintaqasini Yaqin Sharq va Yevroosiyo bilan bog‘lab turuvchi, mintaqaviy transport koridorlari kesishadigan geostrategik va geoiqtisodiy muhim hudud hisoblanadi. Shu bois, Transkaspiy koridori orqali “Markaziy Osiyo — Bolqon” transport yo‘laklarini rivojlantirish tomonlar uchun imkoniyatlarni kengaytiradi.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda mamlakatimiz uchun “O‘rta yo‘lak”ning iqtisodiy ahamiyati ortib bormoqda. Ushbu yo‘lak milliy mahsulotlarimizni dunyo bozorlariga yetkazish uchun ancha samarali hisoblanadi. Buning uchun hamkorlikda temir yo‘l va avtomobil yo‘llarini rivojlantirish, Kaspiy va Qora dengiz, Dunay portlari bilan bog‘liq logistika zanjirini yaratish, bojxona jarayonlarini soddalashtirish, multimodal tashuvlar uchun yagona ta’rif mexanizmlarini ishlab chiqish dolzarb ahamiyatga ega.

Prezidentimizning Serbiya Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi, shubhasiz.



Xushvaqt XAYITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

O'zLiDeP fraksiyasi a'zosi

Saytni yangi dizayni yoqdimi?