Asosiy kontentga o‘tish
Juma 10-aprel 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Saylovchilar bilan muloqotlar yanada kuchaytiriladi

09.04.2026
79

Davlatimiz rahbarining parlament palatalarida so‘zlagan nutqlari, Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar bugungi kunda siyosiy partiyalar fraksiyalari faoliyati samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayni vaqtda O‘zLiDeP fraksiyasi faoliyati, deputatlarimizning ishchan sa’y-harakatlari hamda qonun ijodkorligi uchun o‘ziga xos dastur bo‘lib xizmat qilyapti. Mamlakatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan g‘oyalar va tashabbuslar fraksiyamiz faoliyatini yanada faollashtirib, yangi maqsadlarga keng yo‘l ochmoqda.

Fraksiyamiz 2026 yilning birinchi choragida ham o‘z faoliyatini ana shunday yondashuv asosida izchil olib bordi. Faoliyatimizda qonun ijodkorligi alohida ustuvor ahamiyat kasb etib, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va investisiya muhitini yanada yaxshilashga xizmat qiluvchi hujjatlar ishlab chiqishda belgilangan norma va qoidalarga qat’iy rioya etilmoqda.

O‘tgan davrda fraksiyamiz tashabbusi bilan 1 ta mustaqil va 2 ta hamkorlikdagi qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasiga kiritildi. Xususan, bir guruh deputatlarimiz tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilib, qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun jamiyatda huquqiy tartibotni mustahkamlash, jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash, axborot makonida odob-axloq me’yorlariga rioya etilishini kuchaytirish, fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishga xizmat qiladi.

Shuningdek, qabul qilingan hujjatlarni tayyorlashda tadbirkorlar va ishbilarmonlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, faoliyat yuritishlari uchun qulay sharoit yaratish va ortiqcha to‘siqlarni bartaraf etishga alohida ahamiyat berildi. Qolaversa, iqtisodiy va ma’muriy sudlarga murojaat qilish tartibini soddalashtirish, sug‘urta bozoriga ishonchni oshirish va tadbirkorlik sub’yektlari uchun tartibga solish yukini kamaytirishga qaratilgan muhim qonunlar qabul qilindi.

Bularning barchasi, avvalo, inson qadri uchun xizmat qilmoqda, odamlarimizning mushkulini oson qilib, jamiyatda adolatni ta’minlamoqda. Bu esa, davlatimiz rahbarining qonun qabul qilindimi, u, albatta, ishlashi kerak va odamlar hayotida sezilarli o‘zgarish bo‘lishi lozim, degan fikrlari hayotda o‘z ifodasini topayotganidan dalolat beradi.

Fraksiya faoliyatida parlament nazorati ham muhim o‘rin tutdi. Dolzarb masalalar yuzasidan mansabdor shaxslarning axborotlarini eshitish, ular faoliyati ustidan ta’sirchan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, fraksiyamiz tashabbusi bo‘lib o‘tgan “Hukumat soati”da mamlakatimizda investisiya faoliyatini rivojlantirish holati, investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda hududlarda sanoat loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, transport va logistika sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va yuk tashish xizmatlarini takomillashtirish masalalari ham diqqat markazimizda turibdi. Bunday amaliy nazorat tadbirlari mamlakat iqtisodiyoti barqarorligini ta’minlash, tashqi bozorlardagi o‘zgarishlar ta’sirini yumshatishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Saylovchilarning huquq va manfaatlarini ta’minlash maqsadida joylarda o‘tkazilgan nazorat-tahlil tadbirlari, saylov okruglaridagi o‘rganishlar davomida aniqlangan muammolarni bartaraf etish maqsadida davlat boshqaruvi organlari rahbarlariga 10 ta deputat so‘rovi yuborildi. Natijada ularni tezkor hal etish, mas’ul idoralar faoliyatiga aniqlik kiritish hamda ijro intizomini kuchaytirishga erishildi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tarixiy islohotlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, aholini qiynayotgan masalalarni ochiq muhokama qilish va amaliy yechim ishlab chiqishga qaratilgan tadbirlar muntazam tashkil etildi. Yangi va zamonaviy muloqot formatlaridan foydalanildi.

Mamlakatni 2026 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini o‘rganish maqsadida fraksiya a’zolari Qonunchilik palatasi guruhlari tarkibida joylarga chiqib, o‘rganish ishlarini olib bordi. Qabul qilingan qaror va dasturlarning joylarda qanday amalga oshirilayotgani, ularning samaradorligi va aholi hayotiga ta’siri chuqur tahlil qilindi.

Prezidentimiz raisligida o‘tgan yig‘ilishlarda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ishchi guruhlar shakllantirilib, Qashqadaryo, Surxondaryo, Andijon, Buxoro viloyatlari hamda Toshkent shahrida keng ko‘lamli o‘rganishlarni amalga oshirdi. Ushbu uchrashuvlarda 1 400 dan ortiq ishtirokchi qamrab olindi. O‘rganishlar davomida sanoat korxonalari, eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish ob’yektlari, xizmat ko‘rsatish sohasi, xorijiy investisiyalar ishtirokidagi korxonalar, iqtisodiy va sanoat zonalari faoliyati bilan tanishildi.

Ochiq muloqotlar jarayonida tadbirkor, fermer, xizmat ko‘rsatish sohasi vakillari, yoshlar hamda mutasaddi rahbarlar tomonidan bir qator takliflar ilgari surildi. Infratuzilma, moliyaviy resurslar, eksport jarayonlaridagi to‘siqlar, kadrlar tayyorlash va xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish masalalari muhokama qilindi. E’tiborli jihati shundaki, bu jarayonlarga partiyaning hududiy tashkilotlari va mahalliy Kyengashlardagi guruhlari ham faol jalb etildi. Ular bilan hamkorlikda joylardagi mavjud holat har tomonlama o‘rganilib, elektoratni o‘ylantirayotgan muammolar aniqlandi va hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Fraksiyamiz faoliyatida partiyaning Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar ijrosi ham muhim o‘rin egalladi. Kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish kabi ustuvor yo‘nalishlarda aniq chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, “soliq – mahalla taraqqiyoti garovi” tamoyili asosida minglab mahallalarda targ‘ibot ishlari olib borildi. Fermer va dehqonlar bilan yuzlab uchrashuv tashkil etilib, muammolari o‘rganilib, amaliy yordam berildi. “Tashabbusli byudjet” doirasida esa aholi manfaatlariga daxldor 60 ta loyiha tanlab olinib, amalga oshirish choralari ko‘rilmoqda.

Mamlakatimiz Prezidentining fevral oyida yoshlar bilan uchrashuvida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt, raqamli iqtisodiyot yo‘nalishlaridagi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, moliyalashtirish va mentorlik asosida rivojlantirish e’tibor markazimizda turibdi.

O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi ham Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy siyosatni yanada kuchaytirish, ayniqsa, kam ta’minlangan aholini qo‘llab-quvvatlash va inson qadrini ulug‘lashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Ushbu dastur davomida “mahalla yettiligi” hamda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan hamkorlikda ehtiyojmand oilalarni aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimi yaratiladi.

Shu o‘rinda fraksiyamiz a’zolari xalqaro parlament platformalarida faol ishtirok etayotganini ham alohida qayd etish joiz. Xususan, 3 aprel kuni Buxoro shahrida o‘tkazilgan O‘zbekiston va Qozog‘iston parlamentlari o‘rtasidagi Parlamentlararo hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishida fraksiyamiz a’zolari ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, qishloq xo‘jaligi, raqamlashtirish va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni qonunchilik jihatdan qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan o‘z taklif va tashabbuslarini ilgari surdi. Bu esa parlamentlararo muloqotlarni yangi bosqichga olib chiqish, davlat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlarning samarali ijrosini ta’minlashda fraksiyaning faol ishtirokini yaqqol namoyon etmoqda.

Albatta, erishilgan natijalar bilan birga, oldimizda turgan muhim vazifalar ham bor. Kyelgusida ham yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida faol ishtirok etib, xalqimiz ishonchini oqlashga, avvalo, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga, saylovchilar bilan muloqotni yanada kuchaytirishga, davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan dolzarb vazifalar ijrosi ustidan doimiy parlament nazoratini olib borishga alohida e’tibor qaratamiz.

 Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?