Shofirkonlik ishbilarmon ayollar har sohada peshqadam ekanligini namoyon etishdi
Shofirkon tumanida o‘tkazilgan “Ishbilarmon ayol – 2026” ko‘rik-tanlovi xotin-qizlarning tadbirkorlik salohiyati, mehnatsevarligi va tashabbuskorligini yana bir bor namoyon etdi. Tanlovda tadbirkorlik, hunarmandchilik, dehqonchilik, tikuvchilik va boshqa sohalarda samarali faoliyat yuritayotgan ayollar o‘z tajribasi va mahsulotlari bilan ishtirok etishdi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, “Tezguzar” mahallasida issiqxona xo‘jaligini yo‘lga qo‘ygan tadbirkor Zamira Gʻaybullayeva 1-o‘rinni, “Kotiyon” mahallasi mohir kashtachisi Marjona Hamidova 2-o‘rinni, “Kalon” mahallasi chevar tikuvchisi Fotima Ashurova 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, faol ishtirokchilar turli nominatsiyalar bo‘yicha munosib taqdirlandi.
Bunday tanlovlar xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish, ularning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Shofirkonlik ishbilarmon ayollarning yutuqlari esa mahallalar taraqqiyoti va yurt iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan ezgu ishlar samarasining yana bir ifodasidir.