“Xalq bilan birga” dasturi doirasida mirzacho‘llik 45 nafar xotin-qiz bepul ko‘rikdan o‘tkazildi
O’zLiDeP Jizzax viloyat hududiy partiya tashkiloti “Ayollar qanoti” tashabbusi bilan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida “Salomatlik sari” aksiyasi bo‘lib o‘tdi.
Aksiya doirasida Mirzacho‘l tumanidagi “Ibn Sino izdoshlari” MCHJga qarashli klinikada bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi. “Mustaqillik”, “Gʻalaba”, “Do‘stlik”, “Gulzor”, “Ipak yo‘li” va “Bog‘bon” mahallalarida yashovchi 45 nafar xotin-qizlar malakali terapevt, kardiolog, ginekolog va boshqa yo‘nalishdagi shifokorlar ko‘rigidan o‘tkazildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish va kasalliklarning oldini olish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi. Bunday amaliy tashabbuslar jamiyatda sog‘lom avlodni shakllantirish, aholi salomatligini mustahkamlash hamda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.