Asosiy kontentga o‘tish
Chorshanba 18-fevral 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga ortiqcha aralashuvlarning oldi olinadi

17.02.2026
25

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʼzLiDeP fraksiyasi yigʼilishida Prezidentimiz raisligida tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy oʼsish surʼatlarini taʼminlash boʼyicha asosiy vazifalar muhokamasiga bagʼishlab oʼtkazilgan videoselektor yigʼilishida ilgari surilgan muhim tashabbuslar haqida soʼz yuritildi.

Taʼkidlanganidek, investitsiya loyihalari bilan ishlashda yangi yondashuv joriy etilishi bugungi zamonning oʼtkir talabidir. Endilikda loyihalar nafaqat ishga tushirilishi, balki yuqori qoʼshilgan qiymat yaratishi, tashqi bozorga chiqishi va barqaror ish oʼrinlarini taʼminlashi asosiy mezon boʼladi. Bu jarayon “Yagona milliy loyiha boshqaruvi” platformasi orqali uch yil davomida monitoring qilib boriladi.

Deputatlar eksport masalasiga strategik nuqtai nazardan yondashish zarurligini taʼkidlashdi. Ichki bozor hisobidan yuqori oʼsishga erishib boʼlmasligi, shu bois yangi mahsulotlar bilan Yevropa va АQSh kabi qimmat bozorlarga chiqish zarurligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari tashabbuslarini mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishda muhim qadam sifatida qoʼllab-quvvatladilar. Yangi mahsulotlar, yangi bozorlar va xorijiy elchilar bilan yaqin hamkorlik “Made in Uzbekistan” brendini xalqaro miqyosda yanada ommalashtirishga xizmat qilishi urgʼulandi.

Fraksiya yigʼilishida raqamli markirovkalash tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi obdon muhokama qilindi.

Ushbu qonun loyihasida belgilanayotgan normalar masofaviy soliq tekshiruvi jarayonlarini tezkor tashkil etish, soliq toʼlovchi huzuriga bormasdan nazoratni amalga oshirish hamda tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga ortiqcha aralashuvlarning oldini olishga qaratilgan.

Muhokamalar davomida fraksiya aʼzolari mazkur qonun loyihasi raqamli markirovkalash qoidalarini chetlab oʼtish orqali noqonuniy mahsulot aylanmasiga qarshi kurashish, sifatsiz yoki qalbaki tovarlarning bozorga kirib kelishini barvaqt aniqlash va cheklashga xizmat qilishini taʼkidladilar.

—Fraksiyamiz yigʼilishida qonun loyihasini qizgʼin muhokama qilib, partiyamiz maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, uni yanada takomillashtirish boʼyicha bir qator takliflar berdik, — dedi fraksiya aʼzosi Otabek Musurmonov. —Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi soliq nazoratining zamonaviy mexanizmlarini joriy etishga, raqamli instrumentlar orqali huquqbuzarliklarning oldini olish va iqtisodiyotda ochiqlikni taʼminlashga xizmat qiladi.

Qizgʼin munozaralardan soʼng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qoʼllab-quvvatlandi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?