Talaba-yoshlarning huquqiy savodxonligi oshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan O‘zLiDeP tomonidan ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar tashkil etildi. Jumladan, partiyaning Toshkent shahar Kengashi tashabbusi bilan tadbirlar avvalo Toshkent davlat iqtisodiyoti universitetida, keyin esa Renessans ta’lim universitetida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvlarda yoshlar, professor-o‘qituvchilar va partiya faollari ishtirok etdi. Tadbirlarda Konstitutsiyaning yangilangan tahririda inson qadri, huquq va erkinliklar ustuvorligi, “Inson—jamiyat—davlat” tamoyili asosida teng imkoniyatlar yaratilayotgani qayd etildi.
Yoshlarga ijtimoiy kafolatlar, ta’lim sohasidagi islohotlar va yoshlarning mamlakat taraqqiyotidagi roli haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, savol-javoblar, saxna ko‘rinishlari va ijodiy chiqishlar tashkil etildi.
Mazkur tadbirlar yoshlarning huquqiy ongini oshirishga, Vatanga daxldorlik hissini kuchaytirishga xizmat qildi.