Ta’lim sifati yangi bosqichga ko‘tariladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezidentimiz raisligida shu yil 15 may kuni maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishining ahamiyati muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida ta’lim sohasini isloh qilish va uni zamonaviy talablarga moslashtirish, yoshlarning sifatli ta’lim olishi uchun zarur sharoitlar yaratish, tizimning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, oxirgi 7 yilda maktabgacha va maktab ta’limi uchun mablag‘ 7 karra oshirilib, bu yil 60 trillion so‘m ajratildi.
Fraksiya a’zolari ushbu yig‘ilishning ahamiyati haqida to‘xtalar ekan, unda sohani rivojlantirish, uni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha belgilangan muhim vazifalar ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, o‘qituvchi va tarbiyachilarning nufuzini yuksaltirish, yosh avlodning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashiga xizmat qilishini qayd etdilar.
Deputatlar O‘zLiDeP saylovoldi dasturida ham maktabgacha ta’limga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qondirishni kafolatlash, maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari pedagog xodimlarining o‘rtacha ish haqini 2 barobar oshirish ustuvor vazifa sifatida o‘rin olganligini, shundan kelib chiqib partiya va uning parlamentdagi fraksiyasi qo‘yilgan vazifalar ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etishlarini ta’kidladilar.
—Mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch bu – ilm-fan, ta’lim va tarbiya ekanligi isbot talab qilmas haqiqatdir, — dedi O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov. —Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan muhim tashabbuslarning hayotga tatbiq etilishi biz, deputatlar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Biz, ushbu yo‘nalishdagi islohotlar samaradorligini oshirish, sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirib borishga alohida e’tibor qaratamiz.
Yig‘ilishda tuman va shaharlarda yer solig‘i va ijara to‘lovlari uchun belgilangan qiymatlarga oshiruvchi va kamaytiruvchi koyeffitsiyentlarni belgilash tartibi bo‘yicha mahalliy kengash deputatlari bilan o‘tkazilgan seminar natijalari ham ko‘rib chiqildi.
Yakunda muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.