Asosiy kontentga o‘tish
Yakshanba 15-fevral 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Tarmoq va sohalarni boshqarishda tejamkorlik va innovatsiyaga asoslangan yangicha boshqaruv joriy etiladi

14.02.2026
93

Prezidentimiz raisligida tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Mazkur yig‘ilishda men ham ishtirok etdim.

Davlatimiz rahbari sohadagi ishlarni tahlil qilar ekan, har bir vazir, hokim va tarmoq rahbari o‘z tizimiga yangicha boshqaruvni joriy etishi, mavjud resurslardan samarali foydalanishi, an’anaviy eksport bozorlari bilan cheklanib qolmasdan yangi yo‘nalishlarni izlab topishi zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, tadbirkorlarga keng imkoniyat yaratish, sun’iy intellekt va raqamlashtirishni jadal joriy etish, innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, salohiyatli yoshlarni jalb etgan holda “startap klub”lar tashkil qilish va ularning ishlanmalarini amaliyotga tatbiq etish orqali yuqori iqtisodiy o‘sishga erishish mumkinligi qayd etildi.

Endilikda investisiya loyihalari bilan ishlashda yangi tizim joriy etilishiga alohida e’tibor qaratildi. Har bir loyiha faqat ishga tushirilishi bilan kifoyalanmay, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratishi, tashqi bozorga chiqishi va ish o‘rinlarini saqlab qolishiga e’tibor qaratiladi. Buning uchun “Yagona milliy loyiha boshqaruvi” platformasi orqali loyihalar ishga tushgandan keyin uch yil davomida monitoring qilinadi.

Ta’kidlaganidek, ichki bozordagi talabni o‘zi bilan yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlab bo‘lmaydi. Shu bois, vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlarning asosiy vazifasi yangi mahsulotlar bilan yangi bozorlarga kirib borishdir. O‘tgan yili eksport 22 foizga o‘sib, 24 milliard dollarga yetgan bo‘lsa-da, eksportning 80 foizi faqat 6 ta davlat hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. Shu sababli tarmoq rahbarlariga ishlab chiqarishni kamida 15 foizga oshirish va Yevropa, AQSH kabi qimmat bozorlarga kirib borish vazifasi qo‘yildi.

Shu bilan birga, pilla yetishtirishni rivojlantirish bo‘yicha ham muhim chora-tadbirlar belgilandi. Ehtiyojmand oilalarga 4 million so‘mdan subsidiya ajratilib, uyda pilla yetishtirish uchun xonani jihozlash va uskuna xarajatlari uchun 20 million so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi. Bundan tashqari, pilla hosili uchun qo‘shimcha subsidiyalar va mavsumiy ishchilar oyligining yarmi kompensatsiya qilinishi orqali fermerlar faoliyati yanada rag‘batlantiriladi.

O'zLiDeP Prezidentimizning tarmoq rahbarlari va hokimlardan eksportni faqat hajm bo‘yicha emas, balki yangi mahsulot va yangi bozorlarga qarab rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslarini mamlakatimiz eksport hajmini oshirishda muhim qadam deb hisoblaydi. Ayni shu talab tarmoq rahbarlari va hokimlarni mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchilari bilan doimiy hamkorlik qilishga undaydi. Bu esa “Made in Uzbekistan” brendini yanada ommalashtirishga xizmat qiladi.

Aktam Xaitov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O'zLiDeP fraksiyasi rahbari

Saytni yangi dizayni yoqdimi?