Asosiy kontentga o‘tish
Juma 08-may 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti talabalariga O‘zLiDeP stipendiyasi berildi

07.05.2026
52

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutida o‘tkazilgan mazkur tadbirda O'zLiDeP fraksiyasi a’zolari, talaba-yoshlar hamda institutning professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — yoshlarning fikr va tashabbuslarini tinglash, ularni qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlar siyosati mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishdan iborat bo‘ldi.

Muloqot davomida O'zLiDeP tomonidan amalga oshirilayotgan qator yangi tashabbuslar haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, dastur doirasida respublika bo‘ylab yoshlar ishtirokida turli aksiyalar, ochiq muloqotlar, konferensiyalar, seminarlar va uchrashuvlar tashkil etilishi rejalashtirilgani qayd etildi. Shuningdek, “Kreativ tadbirkor yoshlar”, “Yoshlarning startap dasturlarini qo‘llab-quvvatlash”, “IT va sun’iy intellekt yetakchilari” “Yosh fermerlar tajriba maktabi”, “Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz!” hamda “Yangi O‘zbekiston yoshlari: farovonlik va innovasion kelajak sari” kabi tashabbuslar orqali innovasion g‘oyalarga ega, zamonaviy fikrlaydigan va tadbirkorlikka qiziquvchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish maqsad qilingani ta’kidlandi.

Tadbirda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirib, ta’lim, bandlik, startaplarni moliyalashtirish, zamonaviy kasblarga o‘qitish va ijtimoiy faollikni oshirish bo‘yicha qator takliflarini ilgari surdilar. Qayd etilganidek, partiya yoshlarning har bir konstruktiv tashabbusini qo‘llab-quvvatlashga tayyor va bu borada amaliy mexanizmlar yanada kengaytiriladi.

Muloqot doirasida yana bir muhim tashabbus — O'zLiDeP stipendiyasiga start berildi. Unga ko‘ra, Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining faol va iqtidorli talabalariga partiya stipendiyasi topshirildi.

Ta’kidlanganidek, mazkur tashabbus kelgusida respublika miqyosida bosqichma-bosqich amalga oshirilib, turli oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Tadbir yakunida yoshlar bilan bunday ochiq muloqotlarni muntazam tashkil etish, ularning tashabbus va g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish orqali mamlakat taraqqiyotiga daxldorlik hissini yanada mustahkamlash muhim ekani alohida ta’kidlandi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?