Xorazmlik deputatlar chiqindilarni boshqarish sohasiga raqamli va “aqlli” tizimlarni joriy etishni taklif qilishdi
Xorazm viloyati Kengashida O‘zLiDeP deputatlik guruhi ishtirokida o‘tkazilgan jamoatchilik eshituvida chiqindilarni boshqarish sohasidagi ishlar va mavjud muammolar atroflicha tahlil qilindi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda viloyatning 13 ta tuman va shahriga 3 ta sanitar tozalash korxonasi tomonidan xizmat ko‘rsatildi. Davlat-xususiy sheriklik asosida tizim shakllantirildi Shu bilan birga, 61 ta maxsus texnika, 12 ta motoroller va 170 ta konteyner yetkazib berilgani sohadagi imkoniyatlarni kengaytirdi.
Shu bilan birga, aholini qiynayotgan muammolar ham ochiq muhokama qilindi. Xususan, chekka mahallalarda chiqindilar o‘z vaqtida olib chiqilmasligi, konteynerlar yetishmasligi va sanitar holatning qoniqarsizligi fuqarolar noroziligiga sabab bo‘layotgani ta’kidlandi. Ayrim hududlarda maxsus texnikalar yetishmasligi va xizmat qamrovining pastligi muammolarni yanada kuchaytirmoqda.
Deputatlar sohada erishilgan ijobiy natijalar bilan birga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab oldilar. Xususan, xizmat sifatini oshirish, konteynerlar va maxsus texnikalar sonini ko‘paytirish, shuningdek barcha hududlarda zamonaviy raqamli va “aqlli” tizimlarni joriy etish orqali aholi uchun qulay va samarali xizmat ko‘rsatishni ta’minlash zarurligi qayd etildi.