Yoshlar uchun biznes sari ilk qadam
“Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida OʻzLiDeP Toshkent viloyat Kengashi tashabbusi bilan Chirchiq davlat pedagogika universitetida yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilishga qaratilgan uchrashuv o‘tkazildi. Unda tadbirkorlar, bank vakillari, mutaxassislar hamda deputatlar ishtirok etib, yoshlar bilan ochiq muloqot qildi.
Uchrashuvda o‘z biznesini boshlashni istagan yoshlarga g‘oyani to‘g‘ri tanlash, ishni qanday boshlash, soliq tizimi, mijozlar bilan ishlash, marketing va mahsulotni bozorga chiqarish bo‘yicha sodda va tushunarli tavsiyalar berildi. Shuningdek, brend yaratish, ijtimoiy tarmoqlar orqali savdo qilish va raqobatda o‘z o‘rnini topish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda 300 nafarga yaqin yoshlar ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Bunday uchrashuvlar yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning iqtisodiy faolligini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.