Asosiy kontentga o‘tish
Juma 16-oktyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Zamonaviy shaharsozlik namunasi

15.10.2026
172

Davlatimiz rahbarining Yangi Toshkentda amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishib, investorlar bilan o‘tkazgan samimiy muloqoti mamlakatimizda shaharsozlikka bo‘lgan yondashuv yangi bosqichga ko‘tarilayotganini yaqqol ko‘rsatadi.

Hududda shu paytgacha 2 milliard dollardan ortiq investitsiya o‘zlashtirilgani, umumiy qiymati 1 milliard dollarlik yettita obyekt foydalanishga topshirilgani hamda yana 2,5 milliard dollarlik o‘nta yirik loyiha qurilishiga start berilgani mazkur jarayonning ko‘lami naqadar kengligini aks ettirayotir. Ayniqsa, zamonaviy energiya tizimlari, muhandislik tarmoqlari, yashil hududlar, ta’lim muassasalari va transport infratuzilmasining barpo etilishi yangi shaharning uzoq muddatli rivojlanishi uchun asos yaratadi.

Mazkur loyihaning eng muhim jihatlaridan biri — iqtisodiy o‘sish bilan insonlar uchun qulay yashash muhitini o‘zaro uyg‘unlashtirishga intilishi bilan bog‘liq. Yangi Toshkentda 2 ming gektar yashil maydon hamda 500 gektar istirohat bog‘larini tashkil etish, chiqindilardan elektr energiyasi olish, quyosh panellaridan foydalanish kabi tashabbuslar shahar rivojida ekologik masalalar ham muhim o‘rin egallaydi. Bunday yondashuvda qurilish hajmidan tashqari, yaratilayotgan muhitning sifati, ekologik barqarorligi va aholiga qulayligi bilan ham natijaga baho berish mumkin.

Prezidentimizning investorlar bilan muloqotida xususiy sektor faolligini oshirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish jarayonlarini soddalashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu juda muhim. Nega deganda, yirik shaharni barpo etishda davlat infratuzilmani yaratib berishi bilan birga, xususiy investitsiyalar uchun ham aniq hamda barqaror sharoitlar shakllantirilishi zarur. Yer ajratish, ruxsat olish va loyihalarni ishga tushirish jarayonlarining shaffofligi investorlarga ishonch beradi, sog‘lom raqobatni kuchaytirib, iqtisodiy faollikni oshiradi.

E’tiborlisi, xizmat ko‘rsatish, turizm, biznes markazlari, xususiy maktab, bog‘cha va shifoxonalar uchun infratuzilma to‘lovlarini kamaytirish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirishga qaratilgan. Bu imkoniyatlar amalda yangi korxonalar tashkil etilishi, ish o‘rinlari ko‘payishi hamda aholining sifatli xizmatlardan foydalanish imkoniyati kengayishiga zamin yaratadi.

Yangi Toshkent iqtisodiy imkoniyatlaridan poytaxt tadbirkorlari bilan birga, yurtimizning boshqa hududlaridagi ishbilarmonlar ham foydalanishi ko‘zda tutilmoqda. Bu tenglik, shaffoflikning bir ko‘rinishi, albatta. Hududlar tadbirkorlariga yer maydonlari ajratilishi bo‘yicha belgilangan yondashuv hududlararo iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va investitsiya faolligini mamlakat bo‘ylab rag‘batlantirish nuqtayi nazaridan ham g‘oyatda ahamiyatli.

Biz, xalq vakillari ushbu jarayonlarda qonunchilikni takomillashtirish, shuningdek, investorlarga yaratilgan imkoniyatlar, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash choralari va shaharsozlik talablari o‘zaro uyg‘un ishlashini ta’minlashimiz zarur. Shu bilan birga, qurilish sifati, ekologik talablar, transport qulayligi, ijtimoiy infratuzilma hamda fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash masalalari ham doimiy e’tiborda bo‘ladi.

Umuman, Yangi Toshkentning haqiqiy samarasi bu yerda qancha yangi ish o‘rni ochilgani, aholi uchun qanday sharoitlar yaratilgani va tadbirkorlar uchun qanchalik qulay iqtisodiy muhit yuzaga kelgani bilan baholanadi. Shu ma’noda, bugun boshlangan loyihalarning izchil amalga oshirilishi mamlakatimizda zamonaviy shaharsozlik madaniyati hamda yangi iqtisodiy markazlarni rivojlantirish uchun muhim tajriba bo‘lib xizmat qiladi.

 

Oybek YULDOSHEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Saytni yangi dizayni yoqdimi?