“Xalq bilan birga” umummilliy dasturi aholi va davlat organlari o‘rtasidagi ishonchni yanada mustahkamlamoqda
Kogon shahrida “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida o‘tkazilgan sayyor qabul aholi murojaatlarini joyida o‘rganish va hal etishda muhim maydonga aylandi. Unda partiya mas’ullari, mahalliy Kengash deputatlari hamda mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etib, fuqarolar bilan ochiq muloqot olib borildi.
Qabul davomida mahalla vakillari, tadbirkorlar, o‘qituvchilar va yoshlarni qiziqtirgan masalalar tinglanib, transport harakatini tartibga solish, gaz va suv ta’minotini yaxshilash, ijtimoiy yordam va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kabi dolzarb masalalar yuzasidan aniq choralar belgilandi. Ayrim murojaatlar joyida hal etildi, murakkab masalalar bo‘yicha esa qonuniy tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, nuroniylar va fuqarolarning ijobiy fikrlari mazkur tadbirning ahamiyatini yanada oshirdi. Bunday sayyor qabullar aholi dardini eshitish, muammolarni tezkor hal etish va davlat organlari bilan xalq o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.