Asakalik imkoniyati cheklangan va ehtiyojmand fuqarolarga moddiy yordam ko‘rsatildi
OʻzLiDeP Andijon viloyat Kengashi tomonidan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida Asaka tumanida navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi.
“Zomin” tantanalar saroyida o‘tkazilgan tadbirda mahalliy Kengash deputatlari, tuman tashkilotlari rahbarlari, partiya faollari va 50 nafardan aholi vakillari ishtirok etdi. Qabul davomida fuqarolarning bandlik, tibbiy yordam, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va moddiy ko‘makka oid murojaatlari ko‘rib chiqildi.
Sayyor qabul natijasida “Qoraqiy” MFYda yashovchi Barchinoy Jalilovaga nogironlik aravachasi, yana bir fuqaroga eshitish moslamasi, bel uchun maxsus karset va qo‘ltiqtayoqlar topshirildi. Shuningdek, 6 nafar ehtiyojmand fuqaroga “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan oziq-ovqat va kiyim-kechak xarid qilish uchun vaucherlar berildi.
Qabul jarayonida aksariyat murojaatlar shu joyning o‘zida ijobiy hal etildi, ayrim masalalar bo‘yicha esa huquqiy tushuntirish va amaliy maslahatlar berildi. Bu kabi sayyor qabullar aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kuchaytirish, ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash va inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan islohotlarning amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda.