Asosiy maqsad – xalq manfaatlari uchun xizmat qilish
Siyosiy jarayonlarda zamon bilan hamnafas bo‘lish, xalq ishonchini qozonish va uni asrab-avaylash oson ish emas. Bu — mas’uliyat, izlanish va doimiy o‘z ustida ishlashni talab etadi. Shu ma’noda Yangiyer shahrida O‘zLiDeP hududiy Kengashlari rahbar-xodimlari uchun tashkil etilgan amaliy o‘quv-seminar nafaqat bilim maydoni, balki tajribalar qo‘shilib, yangi g‘oyalar tug‘iladigan maktabga aylandi.
Tadbir Toshkent kimyo-texnologiyalari instituti filiali hamda viloyat Kasaba uyushmalari binosida o‘tdi. Unda rahbar-xodimlar zamonaviy siyosiy jarayonlar va islohotlarga yangicha yondashuvlarni muhokama qildilar. Nega bu muhim? Chunki partiyaning joylardagi samaradorligi, avvalo, ana shunday bilim va ko‘nikmalarga tayanadi.
Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi raisi Pokiza Axmedjanova ham seminarda shu haqda to‘xtaldi: – Bunday o‘quv tadbirlari partiyaning tashkiliy va amaliy ish usullarini tubdan takomillashtirish, elektorat bilan ochiq muloqotni kuchaytirishda muhim ahamiyatga ega, — dedi u.
O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi Amaliy loyihalar va Siyosiy ta’lim markazi rahbari Nasimjon Alimov esa partiya dasturiy maqsadlari, Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyati haqida atroflicha ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, elektorat manfaatlarini himoya qilish va joylarda amaliy tashabbuslarni kuchaytirish — partiyaning ustuvor vazifasi hisoblanadi.
– Bugungi siyosiy o‘quv-seminar bilim va ko‘nikmalarimizni boyitish bilan birga, partiya faoliyatidagi mas’uliyatni yanada chuqur his qilishga undadi, – dedi Oqoltin tuman Kengashi deputati Gulchehra Islomova. – Asosiy maqsadimiz – xalq manfaatlariga xizmat qilish, tadbirkorlar va aholi bilan yaqin muloqotda bo‘lish. Shu yo‘nalishdagi ishlarni yanada kuchaytirishimiz zarur.
Tadbir davomida partiya faollari, deputatlar va mahalliy Kengash vakillari savol-javoblar orqali tajriba almashdilar. Ochiq muloqot, samimiy suhbatlar har bir ishtirokchi uchun katta ma’naviy taassurot qoldirdi.
Albatta, bunday siyosiy o‘quv-seminarlar faqat nazariya bilan cheklanib qolmaydi. Ular partiya rahbar va xodimlarini hayotiy misollar asosida fikr almashishga chorlaydi. Eng muhimi — xalq ishonchiga munosib bo‘lish uchun yanada izchil harakat qilishga undaydi.