Asosiy kontentga o‘tish
Seshanba 16-Sentyabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Atom energiyasidan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi takomillashtirilmoqda

18.08.2025
51

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida Prezidentimiz raisligida to‘qimachilik sohasida eksport imkoniyatlari va zaxiralarni ishga solish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalarning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda to‘qimachilik sohasi so‘nggi yillarda iqtisodiy strategik yo‘nalish sifatida faol rivojlanmoqda. Bu tarmoq respublika ichki umumiy mahsulotining 3 foizi, sanoat hajmining 14 foizini tashkil etadi va 500 mingdan ziyod fuqaroni ish bilan ta’minlaydi.

Videoselektor yig‘ilishida sohani moliyaviy sog‘lomlashtirish va qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratilib, yangi imkoniyat va vazifalar belgilandi. Fraksiya a’zolari ushbu vazifalarni bajarilishini huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, bu borada deputatlik nazoratini yanada kuchaytirish lozimligini qayd etdilar.

To‘qimachilik sohasida faoliyat yuritayotgan 200 dan ortiq tadbirkorlarning muammolarini yechish uchun to‘qimachilikda “dolzarb yuz kunlik” e’lon qilinishi O‘zLiDeP elektorati — tadbirkorlar va ishbilarmonlar tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlangani ta’kidlandi.

Fraksiya rahbari Aktam Xaitovning aytishicha, har qanday tarmoq avvalo, muammolarning tub mohiyatini aniqlash, tizimli hal etish, tomonlarga teng, adolatli imkoniyatlar yaratish orqali rivojlanadi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan sohadagi muammolarni hal etishga qaratilgan barcha tashabbuslar partiyamiz g‘oyalariga uyg‘un va hamohangdir. Zero, bu mamlakatimizni “to‘qimachilik xabi”ga aylantirishda muhim qadam bo‘ladi.

Yig‘ilishda atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvi va nazorati tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokamalar markazida bo‘ldi.

U bilan atom energiyasidan foydalanish sohasida davlat boshqaruvi va nazorati tizimini takomillashtirish, uni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish nazarda tutilmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi sohada yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi vakolatli organ sifatida belgilanyapti.

Shuningdek, davlat organlari, vazirlik va idoralarning nomlari hamda huquqiy atamalar amaldagi qonunchilikka muvofiqlashtirilmoqda. Qolaversa, yuridik-texnika qoidalaridan kelib chiqib, normalarni aniqlashtirish va ular o‘rtasidagi uyg‘unlikni ta’minlash maqsadida tegishli o‘zgartishlar kiritilyapti.

Muhokamalar jarayonida fraksiya a’zosi Ruslan Sobirov qonun loyihasining ahamiyatiga alohida to‘xtalib, uni takomillashtirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Mazkur hujjat atom energiyasidan foydalanish sohasida huquqiy asoslarni yanada takomillashtirish, davlat boshqaruvi va nazoratining samarali yo‘lga qo‘yilishini ta’minlashga xizmat qilishi e’tiborga olinib, qo‘llab-quvvatlandi.

Yig‘ilishda fraksiya kun tartibidan o‘rin olgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?