Asosiy kontentga o‘tish
Seshanba 15-sentyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Barqaror iqtisodiy o‘sish — izchil islohotlar samarasi

15.09.2026
39

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2026-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, jahon iqtisodiyotida global xatarlar, tashqi bozorlardagi o‘zgarishlar va noaniqliklar kuchayib borayotgan bir sharoitda mamlakatimiz iqtisodiyoti barqaror o‘sib bormoqda. O‘zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar, tadbirkorlik va investitsiya muhitini yaxshilash, hududlar salohiyatidan samarali foydalanish hamda aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan choralar o‘z samarasini bermoqda.

Xususan, shu yilning birinchi yarim yilligida mamlakat yalpi ichki mahsuloti 8,5 foizga o‘sib, bunday o‘sish sur’atlari bozor xizmatlarida 16,9, sanoat ishlab chiqarishida 8,0, qurilish ishlarida 13,8 va qishloq xo‘jaligida 4,7 foizni tashkil etdi. Bu natijalar iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida faollik va barqaror o‘sish ta’minlanayotganini ko‘rsatadi.

E’tiborlisi, hisobot davrida aholi umumiy daromadlari 16,6 foizga oshib, 618,3 trln so‘mni, pul o‘tkazmalari 9,3 mlrd dollarni, iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalari esa 702,9 trln so‘mni tashkil qildi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi esa 33,4 foizga oshib, 12,4 mlrd dollarga yetdi.

O‘tgan davrda iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida ijobiy o‘sish kuzatildi. Jumladan, yanvar-iyun oylarida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 637,2 trln so‘mni tashkil etdi. Xizmatlar sohasida 251,8 trln so‘mlik chakana savdo aylanmasi qayd etilgan bo‘lsa, qishloq xo‘jaligida 271 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, qurilish ishlari hajmi 192 trln so‘mni tashkil qildi.

Munozaralar davomida fraksiya a’zolari bu natijalar O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash, eng avvalo, aholi turmush sharoiti va farovonligini yuksaltirish, barqaror daromad manbalarini ko‘paytirish va kambag‘allikni qisqartirish borasida olib borilayotgan izchil islohotlarning samarasi ekanligini alohida qayd etdilar.

Fraksiya a’zolari mamlakatda amalga oshirilayotgan makroiqtisodiy islohotlarni, byudjet daromadlarining barqaror o‘sishini, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash va ular uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga qaratilgan chora-tadbirlarni ijobiy baholadilar.

Shuningdek, byudjet mablag‘larini ajratishda natijadorlik va maqsadli indikatorlarga erishish ustidan monitoringni kuchaytirish, investitsiya dasturlariga kiritilgan obyektlarni foydalanishga topshirish muddatlariga qat’iy rioya etish, soliq va bojxona imtiyozlarining samaradorligini har bir soha va korxona kesimida chuqur tahlil qilish bo‘yicha takliflar berildi.

Savol-javoblardan so‘ng, Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2026-yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobot qo‘llab-quvvatlandi.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?