Asosiy kontentga o‘tish
Dushanba 14-sentyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Bishkek sammiti SHHT ko‘lami va O‘zbekistonning strategik rolini yaqqol namoyon etdi

10.09.2026
48

Joriy yil 31 avgust – 1 sentyabrь kunlari bishkek shahrida boʼlib oʼtgan shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti, xususan, qabul qilingan bishkek deklaratsiyasi, shht xartiyasiga kiritilgan oʼzgartishlar, xavfsizlik sohasidagi yangi doimiy tuzilmalar va davlat rahbarlari ilgari surgan tashabbuslar tashkilot oʼz taraqqiyotining yangi bosqichiga kirayotganini koʼrsatdi.

ShHTning dastlabki vazifalari, avva­lo, terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi birgalikda kurashish, chegaralar atro­fida ishonch va barqarorlikni taʼminlash­dan iborat edi. Bu zarurat yoʼqolgani yoʼq, aksincha, yangi xatarlar xavfsizlik boʼyicha hamkorlikni yanada kuchaytirishni talab qil­moqda. Iqtisodiy taraqqiyot, transport, sa­noat kooperatsiyasi, moliyaviy mexanizmlar, energetika, suv va oziq-ovqat xavfsizligi, sunʼiy intellekt hamda inson kapitali bi­lan bir butun tizimda koʼrilmoqda.

Bu oddiy kun tartibi kengayishi emas, ShHT xavf-xatarlarga javob qaytaradigan mintaqaviy mexanizmdan uzoq muddatli ta­raqqiyot yoʼnalishlari boʼyicha hamkorlik qi­lishga intilayotgan keng qamrovli Yevroosiyo platformasiga aylanmoqda. Unda dunyoning siyosiy tizimi, iqtisodiy manfaatlari va tashqi siyosiy yondashuvlari turlicha boʼlgan oʼnta davlat teng huquqli muloqot olib bora­di. Bunday tarkibda umumiy qarorga kelish­ning oʼzi ham tashkilotning geosiyosiy ahami­yatini koʼrsatadi.

Deklaratsiyaning siyosiy mohiyati

Bishkek deklaratsiyasining siyosiy mohi­yatini unda tilga olingan mavzular soni bi­lan emas, ular oʼrtasidagi bogʼliqlik bilan baholash toʼgʼri boʼladi. Hujjat bir tomondan koʼp qutbli dunyo tartibi, BMTning markaziy muvofiqlashtiruvchi roli, davlatlar suve­reniteti, hududiy yaxlitligi va ichki ishlar­ga aralashmaslik tamoyillarini yana bir bor mustahkamlaydi. Ikkinchi tomondan, ana shu siyosiy printsiplarni savdo, investitsiya, transport, energetika, raqamli texnologiya va iqlim masalalari boʼyicha amaliy hamkor­lik bilan toʼldiradi.

Deklaratsiyada ShHT harbiy-siyosiy blok emasligi va boshqa davlatlar hamda xalqa­ro tashkilotlarga qarshi qaratilmagani ochiq belgilangan. Bu muhim bayonot. Tashkilotning kengayishi yoki uning xalqaro taʼsiri ortib borishini “kimgadir qarshi tuzilma” sifa­tida talqin qilish hujjat mohiyatiga ham, Oʼzbekistonning tashqi siyosiy pozitsiyasiga ham toʼgʼri kelmaydi. ShHT taklif etayotgan modelning asosi turli manfaatlar mavjud sharoitda konsensus va amaliy hamkorlikni saqlab qolishdir.

Koʼp qutblilik masalasida ham shu yonda­shuv saqlanadi. Аyni paytda BMT ustavi va xalqaro huquqning universal tamoyillari asosiy tayanch sifatida qoladi. Prezidenti­miz Shavkat Mirziyoevning “ShHT plyus” maj­lisida bildirgan fikri bu pozitsiyaga aniq mazmun berdi: Oʼzbekiston yangi chegaralar yaratadigan emas, imkoniyatlar makonini ken­gaytiradigan koʼp qutblilik tarafdori. Bu fikr Oʼzbekiston uchun geosiyosiy raqobatdan koʼra iqtisodiy bogʼliqlik, ochiq muloqot va oʼzaro manfaat ustuvor ekanini anglatadi.

Deklaratsiyada xavfsizlikning anʼa­naviy yoʼnalishlari ham saqlab qolindi. Terrorizm, separatizm va ekstremizmga, shuningdek, chegaralarni kesib oʼtuvchi terror­chilarga, narkotiklar savdosi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va kiberjinoyatlarga qarshi kurash ShHTning asosiy vazifalari boʼlib qolaveradi. Biroq Bishkek sammiti­da bu yoʼnalishdagi hamkorlik mexanizmlari yangilandi. Xavfsizlikka tahdid va xatar­larga qarshi kurashish boʼyicha ShHT Univer­sal markazi hamda ShHT Аntinarkotik mar­kazi ijroiya qoʼmitasi toʼgʼrisidagi nizomlar tasdiqlandi. Universal markaz tarkibiga Аxborot xavfsizligi va Transmilliy uyush­gan jinoyatchilikka qarshi kurashish markaz­larining kiritilishi tashkilotda xavfsiz­lik tushunchasi endilikda faqat harbiy yoki terroristik tahdidlar bilan cheklanmay, raqamli va jinoiy xatarlarni ham qamrab olayotganini koʼrsatadi.

Аfgʼoniston masalasida deklara­tsiya printsip va pragmatizmni birlashtir­gan. Hujjatda Аfgʼonistonning terrorizm, urush va giyohvandlik moddalaridan xoli mustaqil, neytral, tinch davlat boʼlishi qoʼl­lab-quvvatlanadi, mamlakatda barqaror tinchlikka erishish uchun keng ijtimoiy-siyo­siy vakillik zarurligi qayd etiladi. Pre­zidentimiz Shavkat Mirziyoev esa xavfsiz­lik va iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun ShHTning Аfgʼoniston bilan muntazam muloqotini qayta tiklash vaqti kelganini taʼkidladi. Bu taklif Аfgʼonistonni mintaqaviy jarayonlardan chetda ushlab turish xavfni kamaytirmasli­gi, muntazam muloqot va iqtisodiy bogʼliq­lik uning barqarorligidan manfaatdorlik­ni kuchaytirishini anglatmoqda.

Deklaratsiya Yaqin Sharq va Eron atro­fidagi vaziyat boʼyicha ham davlatlar suve­reniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish, mojarolarni siyosiy-diplomatik vositalar bilan hal etish hamda keskinlik­ni yumshatish pozitsiyasini ilgari suradi. Bu Oʼzbekistonning nizolarni tinch yoʼl bilan hal qilish va muloqotni tiklashga asoslan­gan tashqi siyosiy yondashuviga mos keladi. Hujjatning eng katta qismi iqtisodiy va texnologik hamkorlikka ajratilgani ShHT transformatsiyasining eng ishonchli dalili­dir. Ochiq va kamsitishlardan xoli savdo ti­zimi, ishlab chiqarish va yetkazib berish zan­jirlari barqarorligi, elektron tijorat, “aqlli bojxona”, yangi avtomobil va temir yoʼl marshrutlari, mulьtimodal koridorlar, energetika, sanoat, standartlashtirish, qishloq xoʼjaligi, startaplar ekotizimi va in­novatsiyalar yagona iqtisodiy kun tartibiga jamlangan.

Moliyaviy hamkorlik masalalari ham alohida oʼrin oldi. Oʼzaro hisob-kitoblarda milliy valyutalar ulushini bosqichma-bosqich oshirish boʼyicha “yoʼl xaritasi”ni amalga oshirish va ShHT Taraqqiyot bankini tuzish ustidagi ishlarni davom ettirish qayd etil­di. Muhim jihati, bank Bishkekda ishga tu­shirilgani yoʼq: deklaratsiya bu boradagi sil­jishni qayd etdi, Prezidentimiz esa umumiy tamoyillarni kelishishdan uni amalda ishga tushirish bosqichiga oʼtishni taklif qildi. Suv, energetika, oziq-ovqat va iqlim xavf­sizligining bir-biriga bogʼliq masalalar sifatida qoʼyilishi ham yangi yondashuvdir.

Oʼzbekiston – kun tartibini shakllantirayotgan davlat

Bishkek sammiti Oʼzbekistonning ShHT­dagi roli toʼgʼrisida muhim xulosa chiqarish imkonini beradi: mamlakatimiz endi faqat muhokamalarda ishtirok etayotgan davlat emas, tashkilotning uzoq muddatli rejala­rini shakllantirayotgan aʼzolardan biriga aylanmoqda.

Bu fikrga birinchi asos – Oʼzbekiston tomonidan taklif etilgan tashabbuslar­ning koʼlami. Ular iqtisodiyot, moliya, sanoat, transport, sunʼiy intellekt, maʼlumot, suv va energetika samaradorligi, Аfgʼoniston, xavfsizlik institutlari hamda madaniy-gu­manitar hamkorlikni qamrab oldi. Eʼtibor­lisi, bu takliflar alohida, bir-biridan uzilgan emas, ularning barchasi ShHTni ama­liy natija beradigan taraqqiyot makoniga ay­lantirishdek yagona maqsadga xizmat qiladi.

Ikkinchi asos – Markaziy Osiyoga beril­gan baho. Prezidentimiz Markaziy Osiyoni ShHTning geografik va strategik oʼzagi deb taʼrifladi. Bu faqat geografik maʼnodagi eʼtirof emas, siyosiy yondashuvdir. ShHTning barqarorligi, transport loyihalarining samarasi, Аfgʼonistonga doir siyosat, suv va energetika masalalari, sharq va gʼarb, shimol va janub oʼrtasidagi bogʼliqlik koʼp jihatdan Markaziy Osiyodagi hamkorlik darajasiga bogʼliq.

Oʼzbekistonning soʼnggi yillardagi min­taqaviy siyosati qoʼshnilar bilan ochiq mu­loqot, chegara va transport masalalarini hal qilish, savdo va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish ShHT doirasidagi takliflarni asoslantirmoqda. Yaʼni, mamlakatimiz bar­cha aʼzolar uchun manfaatli boʼlgan loyiha­lar orqali ishonchni mustahkamlashni taklif qilmoqda. Bu Oʼzbekiston diplomatiyasining kuchli tomoni: siyosiy kelishuvni iqtisodiy manfaatlar bilan mustahkamlashdir.

Uchinchi asos – ShHT tuzilmalaridagi oʼrin. 2004 yildan buyon Toshkentda ShHT Min­taqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qoʼ­mitasi faoliyat yuritib kelmoqda. Bishkekda qabul qilingan qarorga muvofiq, Xavfsiz­likka tahdid va xatarlarga qarshi kurashish boʼyicha universal markaz ham Toshkentda joy­lashadi. Shu tariqa Oʼzbekiston ShHT xavfsiz­lik arxitekturasida faqat siyosiy tashabbus bildiruvchi emas, doimiy institutlarga mez­bonlik qiluvchi markaziy davlat sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda.

Istiqbolli tashabbuslar

Prezidentimiz taklif etgan “ShHT – 2040: umumiy taraqqiyot makoni” kontseptual gʼoyasi boshqa tashabbuslarni birlashtiruv­chi bosh gʼoyadir. Uning maqsadi investitsiya, texnologiya va bilim erkin almashinadigan, yirik infratuzilma va sanoat loyihalari amalga oshiriladigan, mintaqalar, biznes va odamlar oʼrtasida toʼgʼridan-toʼgʼri aloqa­lar kengayadigan makonni shakllantirishdan iborat. Bu tashkilotni faqat davlatlararo muzokaralar klubi emas, balki iqtisodiy subʼektlar va hududlarni bogʼlaydigan ti­zim sifatida eʼtirof etishdir.

ShHT Sanoat kooperatsiyasi xaritasi mazkur gʼoyaning amaliy davomi boʼlib, maxsus iqtisodiy zonalar, ishlab chiqarish jarayon­lari, sotuv bozorlari va logistikani bir­lashtirishga qaratilgan. Natijada biznes, investorlar va davlat tuzilmalari uchun universal raqamli darcha paydo boʼladi. ShHT Taraqqiyot banki esa transport, energetika, sanoat kooperatsiyasi va raqamli infratu­zilma sohalaridagi tayyor loyihalarni mo­liyalashtirishga xizmat qilishi lozim.

Temir yoʼl makonlari integratsiyasi boʼyicha kengash tuzish taklifi ham loyiha­larni bir-biriga bogʼlash zaruratidan ke­lib chiqadi. Yangi yoʼl qurishning oʼzi yetarli emas: chegara tartiblari, tariflar, texnik standartlar, yuk hujjatlari, logistika mar­kazlari va raqamli kuzatuv tizimlari muvo­fiqlashmasa, infratuzilmaning iqtisodiy samarasi cheklanib qoladi. Kengashning va­zifasi milliy transport tizimlarini “chok­siz” bogʼlash boʼlishi ana shu toʼsiqlarni ti­zimli hal etishni anglatadi.

Sunʼiy intellekt boʼyicha tashabbuslar esa kun tartibini kelajak iqtisodiyoti­ga olib chiqadi. Bu masala Oʼzbekiston uchun ayniqsa ahamiyatli: oʼzbek tilidagi raqamli maʼlumotlar hajmi va sifati oshib borishi mahalliy texnologik kompaniyalar, taʼlim, davlat xizmatlari va biznes yechimlarining raqobatbardoshligiga bevosita taʼsir qila­di. Kelgusi yili Toshkentda ShHTning sunʼiy intellekt va yangi raqamli yechimlar boʼyicha forumini oʼtkazish taklifi davlatimizni mintaqaviy texnologik muloqot markazla­ridan biriga aylantirish imkonini beradi. Oziq-ovqat, suv va energetika xavfsizligi boʼyicha ixtisoslashgan mexanizm hamda 2035 yilgacha suv va energetika samaradorligi sohasida texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish taklifi esa Markaziy Osiyoning eng murakkab masalalarini umumiy manfaat asosida hal qilishga qaratilgan.

“ShHT plyus” formatida ilgari suril­gan Mintaqaviy tashkilotlarning hamkorlik tarmogʼini yaratish, loyihalar va texnologiyalar ochiq bankini shakllantirish, “ShHT in­vest” forumiga doimiy faoliyat yurituvchi platforma tusini berish, shuningdek, “ShHT plyus” madaniyatlar va sivilizatsiyalar doi­miy forumini taʼsis etib, uni koʼhna Xiva shahrida oʼtkazish tashabbuslari tashkilot­ning tashqi hamkorlik doirasini kengayti­radi. Bunda BMTning markaziy roli saqla­nadi, mintaqaviy tashkilotlar esa umumiy qarorlarni joylarda amalga oshirish hamda bir mintaqada sinovdan oʼtgan samarali yechimlarni boshqa mintaqalarga yetkazishning amaliy vositasi boʼlib xizmat qiladi.

Manfaatli jihatlar

Bishkekda ilgari surilgan tashabbuslarning Oʼzbekiston uchun ahamiyatini faqat diplomatik nufuz bilan oʼlchab boʼlmaydi. Ular­ning qiymati milliy iqtisodiyot, hududlar va tadbirkorlar uchun qanday natija berishi bilan belgilanadi.

Birinchi yoʼnalish – bozor va sanoat koo­peratsiyasi. Prezidentimiz nutqida Oʼzbekistonda ShHT mamlakatlari bilan bir yarim mingdan ortiq qoʼshma loyiha amalga oshi­rilayotganini qayd etdi. Bu aloqalarni ik­ki tomonlama kelishuvlar yigʼindisidan koʼp tomonlama ishlab chiqarish zanjirlariga oʼtkazish eksportni diversifikatsiya qilish, mahalliy korxonalarni yirik bozorlarga olib chiqish va investitsiyalarni tayyor mah­sulot ishlab chiqarishga yoʼnaltirish imkoni­ni kengaytiradi.

Ikkinchi yoʼnalish – transport va logisti­ka. Oʼzbekiston dunyodagi ikki karra quruqlik bilan oʼralgan ikki davlatdan biri. Shuning uchun tashqi bozorga chiqish xarajati va yoʼl­larni diversifikatsiya qilish mamlakat uchun oddiy transport masalasi emas, iqtisodiy mustaqillik masalasidir. Аmalga oshiri­layotgan “Xitoy – Qirgʼiziston – Oʼzbekiston temir yoʼli” mamlakatimizni Sharqiy Osiyo yoʼnalishi bilan toʼgʼridan-toʼgʼri bogʼlaydi­gan strategik loyihadir. Uni boshqa Sharq- Gʼarb va Shimol-Janub yoʼlaklari bilan uygʼunlashtirish Oʼzbekistonning tranzit sa­lohiyatini oshiradi, eksport muddati va xa­rajatlarini qisqartirishga xizmat qiladi. ShHT doirasida temir yoʼl tizimlarini mu­vofiqlashtirish esa yangi magistrallarning iqtisodiy samarasini koʼpaytirishi mumkin.

Uchinchi yoʼnalish – texnologiyalar. Sunʼ­iy intellekt boʼyicha maʼlumotlar korpusi, Toshkent forumi, startaplar ekotizimi va raqamli infratuzilmaga investitsiyalar Oʼz­bekistonda yuqori texnologiyali xizmatlar va sanoatni rivojlantirish uchun yangi ham­korlik kanallarini ochadi. Shu nuqtai nazar­dan, ShHT maydoni yoshlar uchun yangi kasblar va ilmiy almashinuv imkoniyatlarini ham kengaytiradi.

Toʼrtinchi yoʼnalish – xavfsizlik. Tosh­kentda yangi universal markazning joyla­shishi Oʼzbekistonning ShHT doirasidagi oʼr­ni va nufuzini oshirish bilan birga, katta masʼuliyat ham yuklaydi. Markaz kibertah­didlar, transmilliy jinoyatchilik va boshqa yangi xatarlar boʼyicha tezkor axborot alma­shish, tahlil va muvofiqlashtirish ishlarini kuchaytirishi kutilmoqda. Mintaqaviy aksil­terror tuzilmasi bilan bir shaharda faoli­yat yuritishi esa Toshkentni ShHT xavfsizlik mexanizmlarining muhim tayanch nuqtasiga aylantiradi.

Beshinchi yoʼnalish – siyosiy nufuz. Oʼz­bekiston ilgari surayotgan takliflar faqat milliy manfaatlarni ifoda etibgina qol­masdan, boshqa aʼzo davlatlar uchun ham maqbul boʼlgan yechimlari bilan ahamiyatli­dir. Tashabbus koʼrsatish va turli manfaat­larni uygʼunlashtira oladigan yechimlarni ilgari surish davlatning xalqaro nufuzi va taʼsirini oshiradigan muhim omillar­dandir. Toshkentning xavfsizlik, sunʼiy intellekt, investitsiya va madaniyatlararo muloqot boʼyicha xalqaro maydonlarga mez­bonlik qilishga tayyorligi esa poytaxtimiz­ning mintaqaviy va xalqaro muloqot marka­zi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi.

O‘zLiDePning yangi vazifalari

ShHT faoliyatida iqtisodiyot, tadbir­korlik, investitsiya va texnologiyaning ulushi oshishi O‘zLiDePdan yangi yondashuvlarni talab qiladi. Chunki tashkilot doirasida qabul qi­linayotgan qarorlarning katta qismi partiya­ning asosiy elektorati – tadbirkor va fer­merlarning manfaatiga bevosita daxldor.

Partiya uchun muhim vazifalardan biri Prezidentning ShHT doirasidagi iqtisodiy tashabbuslarini mamlakat manfaatlaridan kelib chiqqan holda partiyaning aniq dastu­riy vazifa va takliflariga aylantirish­dir. Bu deklaratsiyadagi umumiy gʼoyalarni takrorlashni emas, ularning Oʼzbekistondagi tadbirkorlik muhiti, sanoat siyosati, eks­port, raqamli iqtisodiyot, bandlik va hu­dudiy rivojlanishga taʼsirini baholashni anglatadi. Yetakchi kuch oʼz dasturiy hujjat­larida ShHT sanoat kooperatsiyasi xaritasi, Taraqqiyot banki, elektron tijorat, “aqlli bojxona” va transport integratsiyasi boʼyicha milliy manfaatlarni ifodalaydigan takliflar paketini shakllantirishi lozim.

Ikkinchi vazifa – tadbirkorlar uchun ShHT imkoniyatlarini tushunarli va foyda­lanish mumkin boʼlgan axborotga aylantirish. “ShHT bozori katta” degan umumiy fikrning oʼzi biznes uchun yetarli emas. Ishbilarmonga muayyan mamlakatda qaysi mahsulotga talab borligi, qanday sertifikat va standart­lar amal qilishi, logistika marshruti va xa­rajati, bojxona tartibi, moliyalashtirish manbai, ishonchli hamkor va huquqiy xatar­lar haqida amaliy maʼlumot kerak. Partiya tuzilmalari, deputatlik birlashmalari va ekspertlar ishtirokida “ShHT biznes navi­gatori” kabi doimiy maslahat va axborot mexanizmini shakllantirish imkoniyatini oʼrganish mumkin.

Uchinchi yoʼnalish hududlar bilan bogʼliq. Yangi transport koridori yoki sanoat zanji­rining foydasi respublika boʼyicha bir xil taqsimlanmaydi. Masalan, “Xitoy – Qirgʼi­ziston – Oʼzbekiston” temir yoʼli Аndijon va Fargʼona vodiysi uchun yangi logistika, om­bor, qayta ishlash, servis va eksport loyihalarini yuzaga chiqarishi mumkin. Boshqa yoʼlaklar Qoraqalpogʼiston, Buxoro, Navoiy, Surxondaryo yoki Toshkent viloyati uchun alohi­da imkoniyatlar ochadi. Partiya transport yoʼlaklari hamda yangi bozorlarning har bir hudud kesimidagi taʼsirini oʼrganib, imko­niyatlar xaritalarini tayyorlasa, xalqaro tashabbus mahalliy rivojlanish dasturi bi­lan bogʼlanadi.

Toʼrtinchi vazifa – sunʼiy intellekt va raqamli iqtisodiyot boʼyicha partiyaning eks­pert platformasini kuchaytirish. Bu sohada faqat texnologiyani qoʼllab-quvvatlash po­zitsiyasi yetarli emas. Sunʼiy intellektning mehnat bozori, yangi kasblar, kichik biznes unumdorligi, maʼlumotlar xavfsizligi, mu­alliflik huquqi, raqobat va yoshlar siyosati­ga taʼsiri boʼyicha oqilona takliflar kerak.

Beshinchi yoʼnalish – ShHTga aʼzo dav­latlarning yetakchi siyosiy partiyalari bilan hamkorlikni kengaytirish va uning mazmu­nini yangilash. Partiya uchun tashkilotga aʼzo mamlakatlardagi yetakchi siyosiy kuchlar bi­lan toʼgʼridan-toʼgʼri va tizimli aloqalarni yoʼlga qoʼyish, mavjud hamkorlikni esa yangi bosqichga olib chiqish muhim ahamiyatga ega. Bunday munosabatlar faqat protokol uchra­shuvlari va umumiy bayonotlar bilan chekla­nib qolmasdan, iqtisodiy hamkorlik, eks­pert muloqoti va qoʼshma loyihalarni ilgari surishga xizmat qilishi darkor. Shu maqsad­da partiyalar huzuridagi tahlil markazlari, tadbirkorlar tuzilmalari, yoshlar va boshqa jamoat platformalari oʼrtasida doimiy ishchi aloqalarni shakllantirish maqsadga muvofiq.

Oltinchi vazifa – tadbirkorlarning muammo va takliflarini ShHT doirasida­gi milliy pozitsiyaga yetkazish mexanizmini kuchaytirish. Eksportchi korxona chegarada, sertifikatlashda, toʼlovda yoki transport tarifida duch kelayotgan toʼsiq koʼpincha yuqo­ri darajadagi hujjatlarda aks etmay­di. O‘zLiDeP oʼz elektorati bilan bevosi­ta ishlaydigan siyosiy kuch sifatida ana shu muammolarni tizimlashtirib, parlament, hukumat va masʼul idoralarga asoslangan taklif sifatida kiritishi mumkin.

Partiyaning “Аql markazi”ni ShHT kun tartibidagi iqtisodiy, texnologik, trans­port va xavfsizlik masalalarini munta­zam tahlil qilishga jalb etish ham maqsadga muvofiq. Bunda qarorlarning ijrosi, Ta­raqqiyot banki boʼyicha muzokaralar, Sanoat kooperatsiyasi xaritasining shakllanishi, sunʼiy intellekt forumiga tayyorgarlik va yangi markazlar faoliyatini kuzatib boradi­gan doimiy tahlil kerak. Siyosiy partiyaning strategik salohiyati aynan xalqaro tenden­tsiyani milliy vazifaga, milliy vazifani esa aniq dasturiy taklifga aylantira oli­shida koʼrinadi.

 

Sardor MАRIPOV,

O‘zLiDeP Strategik va dasturiy hujjatlar

bilan ishlash departamenti rahbari

Saytni yangi dizayni yoqdimi?