Buxoroda bandlik va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ijobiy natijalar muhokama qilindi
Xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi yig‘ilishida 2026 yilning yanvar–may oylarida aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqildi. Yig‘ilishda 21,9 ming nafar aholi daromadli mehnat bilan ta’minlangani, 5,6 mingdan ortiq ish o‘rni legallashtirilgani hamda 11,2 ming nafar fuqaroning daromadini oshirishga qaratilgan xizmatlar ko‘rsatilgani qayd etildi.
Muhokamalar davomida Buxoro shahrida kambag‘allik darajasi 1,5 foizni tashkil etgani, yil yakuniga qadar mahallabay manzilli ishlar orqali hududni kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha chora-tadbirlar izchil davom etayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, doimiy ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar yuzasidan mas’ullarning axboroti eshitildi.
Yig‘ilish yakunida deputatlar aholi bandligini oshirish, daromad manbalarini kengaytirish va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan manzilli ishlarni yanada kuchaytirish bo‘yicha qator taklif va tavsiyalarni ilgari surdilar. Belgilangan vazifalar ijrosini qat’iy nazorat qilish orqali amaliy natijalarni yanada oshirish muhim ekani alohida qayd etildi.