Kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini oshirishda O‘zLiDePning ustuvor vazifalari belgilandi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda dastlab Prezidentimiz raisligida kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalarning ahamiyati haqida so‘z bordi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda kambag‘allikka qarshi kurash O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada davlat fuqarolarning bandligini ta’minlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishi mustahkamlab qo‘yildi.
Yurtimizda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar natijasida joriy yilda ishsizlik darajasi 4,9 foizga tushib, 302 ming oila kambag‘allikdan chiqarildi. 1 435 ta mahalla esa “kambag‘allikdan holi” hududga aylandi.
Deputatlar videoselektorda qayd etilgan vazifalar O‘zLiDePning g‘oya va maqsadlariga hamohang ekanligini qayd etib, partiya saylovoldi dasturida barqaror ish joylarini yaratib, kambag‘allikni qisqartirish ustuvor vazifa sifatida o‘rin olganligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, Adliya vaziri A.Toshqulovning “Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda korrupsiyaviy holatlar kelib chiqishining oldini olish hamda aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida qo‘shimcha qulayliklar yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi axboroti ko‘rib chiqildi.
Mamlakatimizda aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini tubdan isloh qilish, sohada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish, davlat idoralari faoliyatini raqamlashtirish va avtomatlashtirish orqali inson omilini kamaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, davlat xizmatlari markazlari xizmatlaridan foydalanish darajasi yildan yilga o‘sib boryapti. Bugungi kunda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 770 dan ortiq, davlat xizmatlari markazlari orqali esa 500 dan ortiq xizmatlarni ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
Ayni vaqtda kuniga o‘rta hisobda 100 mingga yaqin fuqaro mazkur markazlarga murojaat qilmoqda. Birgina shu yilning 9 oyida ushbu markazlar tomonidan 19,7 milliondan ziyod xizmatlar ko‘rsatilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan xizmatlar soni 3,5 millionga oshgan.
Fraksiya a’zolari aholi va tadbirkorlik subektlaridan 150 turdagi ma’lumot va hujjatlarni talab qilish bekor qilinishi natijasida ularning 22,7 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘lari tejalishiga erishilganini ijobiy baholadilar. 200 dan ortiq davlat xizmatlari bo‘yicha ariza berish jarayonlari “3 qadam” tamoyili asosida soddalashtirilgani ham e’tirof etildi.
Muhokamalar davomida ushbu sohadagi yutuqlar bilan birga, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, xizmatlar sifati va aholi qoniqish darajasini oshirish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda korrupsiyaviy holatlar kelib chiqishining oldini olish bo‘yicha bir qator takliflar berildi.
Yakunda kun tartibidagi masalalar yuzasidan fraksiyaning tegishli qarorlari qabul qilindi.