Asosiy kontentga o‘tish
Payshanba 12-fevral 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Mustahkamlanayotgan do‘stlik rishtalari

11.02.2026
81

So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosati ochiqlik, o‘zaro manfaatdorlik va pragmatik yondashuv ustuvorligiga asoslanmoqda. Davlatimiz rahbarining Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi ham aynan shu siyosatning mantiqiy davomi bo‘lib, Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi muhim ko‘prik vazifasini o‘taydi.

Shu o‘rinda Pokiston mamlakatimizning  jahon miqyosidagi ishonchli hamkorlaridan biri sifatida ekanligini ta’kidlashimiz zarur.

O‘zbekiston Pokiston bilan strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatilganligining besh yilligida bo‘lib o‘tgan mazkur tashrifda o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirishga katta ahamiyat berildi.

Mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdo 2,5 baravarga, qo‘shma korxonalar va loyihalar soni 3 baravarga oshdi. Savdo aylanmasini yaqin kelajakda 2 milliard dollarga yetkazish maqsad qilib qo‘yildi. 3,5 milliard dollarlik istiqbolli savdo va investitsiya bitimlari prortfeli shakllantirildi. O‘tgan yil yakunlari ko‘ra o‘zaro savdo hajmi salkam 500 million dollarga yetdi. O‘zbekistonda Pokiston sarmoyasi ishtirokidagi 230 ga yaqin  korxona faoliyat yuritmoqda.

 “Asr loyihasi” deya ta’rif berilayotgan “Termiz — Mozori Sharif — Qobul — Peshovar” temir yo‘lida olib borilayotgan qurilish ishlarining yakunlanishi Pokistonni Markaziy Osiyo bilan bog‘laydigan, O‘zbekistonni Karachi, Gvadar va Qosim portlariga olib chiqadigan eng yaqin, arzon va xavfsiz yo‘l nafaqat mamlakatlarimiz, balki butun mintaqa xalqlari umumiy rivojlanishiga olib keladi. Transport, logistika,  savdo, iqtisodiy hamkorlik yanada kuchayadi. Temir yo‘lning uzunligi taxminan 760 kilometr bo‘lib, uchta davlatni bir-biri bilan bog‘laydi. TransAfg‘on temir yo‘li ishga tushgach, yuk tashish masofasi qisqaradi, logistika xarajatlari 15–25 foizgacha kamayib, yetkazib berish muddatlari bir necha kunga qisqaradi. Bu esa eksportchi korxonalar raqobatbardoshligini oshirishda muhim omil hisoblanadi va bu loyiha O‘zbekiston uchun jahon bozorlariga chiqish imkoniyatlarining kengayishiga olib keladi.

Davlatimiz rahbaring Pokistonga tashrifi davomida harbiy va harbiy-texnik sohalardagi hamkorlikni kengaytirish, ikki mamlakatning yetakchi mudofaa sanoati korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini faollashtirish, harbiy mutaxassislarni tayyorlash dasturlarini kengaytirish, tajriba almashish hamda o‘quv tadbirlarini o‘tkazish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

Shu bilan birga, ta’lim, fan, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari ham muhokama qilindi.

Aytish mumkinki, hozirgi kunda Pokiston oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Tibbiyot va axborot texnologiyalari sohasida qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish, yuqori malakali mutaxassislarni birgalikda tayyorlash  rejalashtirilmoqda. Madaniy tadbirlar va turizm sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.

Turizm mamlakatlarimiz salohiyatidan foydalanishda muhim o‘rin tutadi. Turistik oqimni rag‘batlantirish maqsadida ikki davlat o‘rtasida viza tartibi yengillashtirildi, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi. Yangidan ochilayotgan  havo yo‘llari ikki mamlakat fuqarolari va tadbirkorlarining qimmatli vaqtini tejab, aloqalarni jadallashtiradi va yangi qo‘shma loyihalarga zamin yaratadi.

Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishida davlatimiz rahbari Pokiston Milliy fan va texnologiyalar universitetining faxriy doktori va professori unvoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, Islomobod shahridagi ko‘chalardan biriga Toshkent va yangidan barpo etiladigan boqqa Zahiriddin Muhammad Bobur nomi berilishi rejalashtirildi. Bu esa xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik rishtalarining yanada mustahkamlanishiga olib keladi.  

Davlatlarimiz o‘rtasida parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Parlament delegatsiyalari o‘rtasidagi muntazam aloqalar, do‘stlik guruhlarining faoliyat yuritishi va qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish huquqiy tizimlarni yaqinlashtirishga, iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish uchun qulay me’yoriy bazani yaratishga xizmat qilmoqda.

Xavfsizlik sohasida terrorizm, ekstremizm, narkotrafik va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari ham muhim ahamiyatga ega. Tomonlar mintaqaviy barqarorlik va tinchlikni ta’minlash yo‘lida sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish muhimligini qayd etdilar.

O‘zbekiston Prezidentining Pokistonga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalarni yangi bosqichga olib chiqadi. Ikki davlat o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan kelishuvlar O‘zbekiston — Pokiston munosabatlarini amaliy mazmun bilan boyitib, uzoq muddatli sheriklikni mustahkamlashga, tarixiy ildizlari mushtarak bo‘lgan, ma’naviy dunyosi yaqin birodar ellar o‘rtasidagi azaliy aloqalarning mustahkamlanishiga, xalqlarimizning umumiy farovonligiga xizmat qiladi. Shu bilan birga, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona hamkorlik aloqalarining rivoji mintaqaviy va global muammolarni birgalikda hal etish imkoniyatini kengaytiradi.

Shoira Rajabova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Saytni yangi dizayni yoqdimi?