Asosiy kontentga o‘tish
Shanba 04-iyul 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Nufuzli xalqaro tashkilot o‘z ustaviga O‘zbekiston bilan bog‘liq o‘zgarishlar kiritmoqda

03.07.2026
116

O‘zLiDeP vakillari shu yilning 25-28 iyun kunlari Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida Osiyo siyosiy partiyalari xalqaro konferensiyasi (ICAPP) Doimiy qo‘mitasining 45-yig‘ilishida qatnashdi.

Dunyodagi eng nufuzli global partiyalararo tashkilotlardan biri hisoblangan ICAPP 50 dan ortiq davlatning 350 dan ziyod siyosiy partiyalarini o‘z safida birlashtirgan yirik xalqaro tuzilmadir. Mazkur platforma qit’amiz va undan tashqaridagi yetakchi siyosiy kuchlar o‘rtasida ochiq muloqot va strategik fikr almashinuvi maydoni bo‘lib xizmat qilmoqda.

Qariyb chorak asrlik tarixga ega ushbu tashkilot faoliyatida keyingi o‘n yil davomida O‘zbekiston siyosiy partiyalari ham faol ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, ICAPP qoshidagi Yoshlar qanoti (Youth Wing), Ayollar qanoti (Women’s Wing), Media forum (Media Forum) va Biznes kengashi (Business Council) O‘zbekiston vakillari uchun xalqaro hamkorlar bilan tadbirkorlik, yoshlar hamda ayollar siyosati va ommaviy axborot vositalari sohalarida yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yishda muhim omil bo‘ldi.

Tashkilotning boshqaruvchi va muvofiqlashtiruvchi asosiy organi — Doimiy qo‘mita (Standing Committee) bo‘lib, u tuzilmaning strategik yo‘nalishlarini belgilashda markaziy rol o‘ynaydi.

Doimiy qo‘mitaning Ulan­Batordagi anjumanida ICAPP faoliyatiga konseptual tarzda ta’sir qiluvchi va xalqaro siyosiy arxitekturani o‘zgartiruvchi bir qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston — mintaqaviy va global siyosatning markazida

Yig‘ilish kun tartibidagi eng asosiy masalalardan biri — tashkilotning bo‘lajak 13­Bosh Assambleyasida ICAPP Ustaviga kiritilishi kutilayotgan tarixiy o‘zgartirishlar muhokamasi bo‘ldi. Unga ko‘ra, tashkilotning boshqaruv organi —Doimiy qo‘mita a’zolari sonini 23 tadan 25 taga oshirish hamda O‘zbekiston va Laos yetakchi partiyalarini Doimiy qo‘mita a’zosi sifatida belgilash taklifi ilgari surildi va bir ovozdan qo‘llab­quvvatlandi.

Doimiy qo‘mita a’zolari tomonidan Markaziy Osiyo bugungi kunda siyosiy, iqtisodiy, transport­kommunikatsiya va madaniy jihatdan yangi imkoniyatlar hamda global tashabbuslar makoniga aylanib borayotgani alohida e’tirof etildi. Bunda aynan O‘zbekistonning pragmatik, ochiq va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga asoslangan tashqi siyosati hal qiluvchi rol o‘ynayotgani ta’kidlandi. Mamlakatimizning nafaqat mintaqada, balki jahon miqyosida tobora mustahkamlanib borayotgan o‘rni uning qit’aning eng yirik partiyalararo uyushmasi rahbar organida bo‘lishini taqozo etmoqda. Muhokamada so‘zga chiqqan Doimiy qo‘mita a’zolari bo‘lmish Osiyoning yetakchi partiyalari vakillari va yetakchilari O‘zbekistonning Doimiy qo‘mita tarkibiga kirishi mintaqalararo siyosiy muloqotni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishiga ishonch bildirdilar.

Qit’alararo yangi siyosiy platforma: ICDPP tashabbusi

Bugungi murakkab geosiyosiy keskinliklar, iqtisodiy noaniqlik va axborot makonidagi global raqobat davrida siyosiy partiyalar o‘rtasidagi tizimli muloqot har qachongidan ham muhimdir. Shu maqsadda, ICAPP tashabbusi bilan shu yilning sentyabr oyida Seul shahrida Afrika siyosiy partiyalari tashabbusi (APPI), Lotin Amerikasi va Karib havzasi davlatlari siyosiy partiyalari doimiy konferensiyasi (COPPPAL) hamda Yevropa Kengashi Parlament Assambleyasidagi Yevropa konservatorlari, vatanparvarlari va hamkorlari guruhi (ECPA) bilan hamkorlikda “Siyosiy partiyalar o‘rtasidagi Qit’alararo muloqot” (ICDPP) ta’sis yig‘ilishini o‘tkazish masalasi kelishib olindi.

Ushbu global loyiha Osiyo, Afrika, Shimoliy va Lotin Amerikasi hamda Yevropaning yetakchi va hukmron partiyalari o‘rtasida mutlaqo yangi hamkorlik platformasini shakllantiradi. Ushbu tuzilmada muhim o‘rin tutadigan ICAPP Doimiy qo‘mitasi tarkibidan O‘zbekistonning ham joy olishi mamlakatimizning global partiyalararo jarayonlarda ham o‘z so‘ziga ega nufuzli sub’yektga aylanayotganidan dalolat beradi.

Raqamli transformatsiya va sun’iy intellekt: O‘zbekiston tajribasi

Anjuman doirasida bo‘lib o‘tgan “Raqamli asrda Osiyo transformatsiyasi: sun’iy intellekt muammosi” mavzusidagi maxsus sessiya xalqaro hamjamiyatda katta qiziqish uyg‘otdi.

Unda sun’iy intellekt (AI) texnologiyalarining davlat boshqaruvi, iqtisodiyot va inson kapitaliga ta’siri muhokama qilindi.

Mazkur sessiyada O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi departament rahbari Sardor Maripov ma’ruza qildi. U o‘z nutqida O‘zbekistonda sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha 2030 yilgacha belgilangan milliy strategiya, raqamli infratuzilmani kengaytirish va AI yechimlarini davlat xizmatlari, ta’lim va tadbirkorlikka bosqichma­bosqich joriy etish borasidagi amaliy qadamlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Alohida qayd etilganidek, O‘zLiDeP sun’iy intellekt texnologiyalariga xususiy sektor samaradorligini oshirish, biznes muhitini raqamlashtirish, yoshlar uchun yangi kasbiy imkoniyatlar yaratish hamda davlat boshqaruvida ochiqlik va tezkorlikni ta’minlaydigan strategik resurs sifatida qaraydi.

Yuqori darajadagi uchrashuvlar va e’tirof

Tashrif dasturi doirasida bir qator uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi. Xususan, Mo‘g‘uliston Bosh vaziri, Mo‘g‘uliston Xalq partiyasi raisi Nyam­Osor Uchral bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazildi. Muloqot davomida Mo‘g‘ulis ton hukumati rahbari O‘zbekistonda davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, iqtisodiyotni liberallashtirish va raqamli transformatsiya sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga yuqori baho berdi. Yangilanayotgan O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda barqarorlik va pragmatik hamkorlikni ta’minlashdagi roli qit’a davlatlari uchun ulkan tajriba maktabi ekani ta’kidlandi.

Mo‘g‘uliston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi va Bosh vazir maslahatchisi Battushig Batbold bilan uchrashuvda O‘zbekistonning sport sohasidagi islohotlari va xalqaro arenalardagi tarixiy g‘alabalari inson kapitaliga kiritilayotgan investisiya natijasi sifatida e’tirof etildi.

Mo‘g‘uliston Xalq partiyasining xalqaro masalalar bo‘yicha kotibi Selmүүn Manlayjav bilan kechgan muloqotda O‘zLiDeP va MXP o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish istiqbollari kelishib olindi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, O‘zLiDeP vakillarining ICAPP Doimiy qo‘mitasining 45­yig‘ilishidagi ishtiroki va O‘zbekistonning ushbu nufuzli tuzilma rahbariyatiga kiritilishi bo‘yicha tashabbus — mamlakatimiz olib borayotgan ochiq, izchil va xalqaro darajadagi pragmatik siyosatning mantiqiy e’tirofidir.

Bugun O‘zbekiston nafaqat iqtisodiy va diplomatik aloqalarda, balki global siyosiy kuchlarni birlashtiruvchi partiyalararo platformalarda ham o‘zining faol o‘rniga ega bo‘lmoqda. O‘zLiDeP ushbu jarayonlarning faol ishtirokchisi sifatida, yurtimizdagi demokratik islohotlar mohiyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etish hamda davlatimizning geosiyosiy maqomini yanada mustahkamlashga xizmat qilaveradi.

Baxtiyor YAKUBOV,
O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari

Saytni yangi dizayni yoqdimi?