O‘zLiDeP: “yashil energetika” salohiyatining o‘sishi iqtisodiy va ekologik barqarorlikni ta’minlaydi
O‘zLiDeP saylovoldi dasturida mamlakatimizda “yashil” o‘sish orqaligina barqaror taraqqiyotni ta’minlash mumkinligi qayd etilgan. Kelgusi bir necha yilda respublikamizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini 2,5 barobarga oshirish izchil taraqqiyot va atrof-muhit musaffoligi uchun katta ahamiyat kasb etishi bayon qilingan.
Partiyamiz mazkur yo‘nalishda ham tizimli jamoatchilik nazoratini olib boryapti. Xususan, kecha O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasida “O‘zbekistonda “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish strategiyasi amalda: natijalar va rejalar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov muloqot ishtirokchilari – deputatlar, partiya faollari, oliy ta’lim muassasalari talabalariga sohadagi ijobiy o‘zgarishlar xususida batafsil ma’lumot berdi. 2024 yilda mamlakatimizda jami quvvati 971,7 megavattga teng quyosh panellari va umumiy hajmi 3 mln 204,7 ming litrni tashkil qiluvchi geliokollektorlar o‘rnatilgan. Jumladan, ijtimoiy soha ob’yektlari va davlat idoralarida 296,2 MVt, tadbirkorlik sub’yektlarida 471,3 MVt, aholi xonadonlarida 186,8 MVt quyosh panellari ishga tushirildi. Natijada 900,7 mln kVt soat elektr energiyasi va 273 mln kub metr gaz tejaldi hamda 458 ming tonna zararli gazlarning havoga chiqarilishining oldi olindi.
Joriy yilda ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. 9 oydan ziyodroq davrda jami quvvati 909,5 MVt quyosh panellari va 1 ,632 mln litr geliokollektorlar o‘rnatilib, belgilangan reja mos ravishda 116 va 136 foizga bajarildi. E’tiborlisi, shu yili umumiy quvvati 4613 MVt ga teng 13 ta quyosh-fotoelektr, 2252 MVt quvvatli 6 ta shamol elektr stansiyasi hamda 13 ta 1815 MVt li elektr energiyasini saqlash tizimi qurilishi boshlanadi. Buning uchun qo‘shimcha 8,1 mlrd dollardan ortiq xorijiy investisiyalar jalb qilinadi va 10,5 mlrd kilovatt-soat yoki 4,8 mln xonadonning bir yillik ijtimoiy normasiga teng “yashil” energiya ishlab chiqariladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Baxitbay Aldamuratov to‘planganlar e’tiborini bu yo‘nalishda berilayotgan yengilliklar, imtiyozlarga qaratdi. Xususan, qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqaruvchilar energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatganlik uchun mol-mulk solig‘ini to‘lashdan hamda ushbu qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘ini to‘lashdan 10 yil muddatga ozod etiladi.
Fraksiyamiz a’zosi Rahmatilla Shukurov bu yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlik haqida ham so‘z yuritdi. U keyingi 7 yil mobaynida yirik quyosh va shamol elektr stansiyalarini barpo etish nazarda tutilgan 41 ta bitim imzolanib, 24 mlrd AQSH dollaridan ortiq chet el investisiyalari kiritilganini ta’kidladi.
“O‘zeltexsanoat” uyushmasi bo‘lim mudiri Sobit Saidov davlatimiz yashil energetikani nafaqat yirik sanoat, balki har bir uy xo‘jaligi darajasida ham rivojlantirishga yo‘naltirilgan muhim dasturlarni amalga tatbiq etayotganiga ham to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, 2021 yildan boshlab, uy xo‘jaliklarida o‘rnatilgan quyosh panellari yordamida ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasi davlat tomonidan sotib olinishi mexanizmi ishga tushirilganini bildirdi.
Ishtirokchilar muqobil energiya ishlab chiqarilishini yanada kengaytirishga qaratilgan taklif-tavsiyalarni o‘rtaga tashladilar. Muhokamalarda saralangan takliflarni partiya fraksiyasiga taqdim etishga kelishib olindi.
O‘zLiDeP matbuot xizmati