Partiyalararo hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
2026-yil 7-sentabr kuni O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasida Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Qo‘mitasi Xalqaro bo‘limi mudiri Lyu Xaysin boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, O‘zLiDeP va Xitoy Kommunistik partiyasi o‘rtasidagi partiyalararo hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda O‘zbekiston — Xitoy munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Davlat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Si Szinpinning yuksak darajadagi siyosiy muloqoti ikki mamlakat o‘rtasidagi ishonch va o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash uchun mustahkam asos bo‘lmoqda.
Bu jarayon iqtisodiy ko‘rsatkichlarda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. O‘tgan yili mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 18 milliard dollarga yetdi. Yaqin yillarda mazkur ko‘rsatkichni 30 milliard dollarga yetkazish maqsadi belgilangan. O‘zbekistonda Xitoy ishtirokida amalga oshirilayotgan qo‘shma investisiya loyihalari portfeli esa qariyb 60 milliard dollarni tashkil etmoqda.
Transport-tranzit sohasidagi yirik loyihalar, xususan, «Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston» temir yo‘lining barpo etilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada jadallashtirish, Markaziy Osiyoning transport bog‘liqligini mustahkamlash va yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratishda muhim omil bo‘lishi qayd etildi.
Uchrashuvda strategik davlatlararo munosabatlarning muhim tarkibiy qismi sifatida partiyalararo hamkorlikning ahamiyatiga alohida urg‘u berildi. O‘zLiDeP va Xitoy Kommunistik partiyasi o‘rtasida o‘tgan yili imzolangan hamkorlik Memorandumi partiyalararo munosabatlarni tizimli va uzoq muddatli asosda rivojlantirish uchun muhim huquqiy va siyosiy poydevor yaratgani ta’kidlandi.
Memorandum doirasida partiya qurilishi, aholi bilan ishlash, hududiy tashkilotlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash, tahliliy markazlar hamkorligi kabi yo‘nalishlarda tajriba almashish uchun keng imkoniyatlar mavjud.
Shuningdek, zamonaviy siyosiy partiyalar faoliyatida raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va raqamli platformalardan foydalanish, fuqarolar bilan muloqotning yangi mexanizmlarini joriy etish borasida o‘zaro tajriba almashish muhim yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etildi. Partiyaviy ommaviy axborot vositalari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, qo‘shma media va axborot loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ham fikr almashildi.
Uchrashuvda yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tadbirkorlik va jamoat hayotidagi faolligini oshirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. Shu nuqtai nazardan, Xitoy Kommunistik partiyasi vakillari joriy yil 19 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zLiDeP Xotin-qizlar tadbirkorligi forumida ishtirok etishga taklif qilindi.
Muloqot davomida kuni kecha Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan «Xitoy — Markaziy Osiyo» siyosiy partiyalari muloqoti formatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Mazkur anjuman partiya qurilishi, kadrlar tayyorlash, raqamli transformatsiya, yoshlar va xotin-qizlar bilan ishlash, hududlar hamda jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha amaliy tajriba almashish maydoni bo‘lishligi ta’kidlandi.
Uchrashuv konstruktiv ruhda o‘tib, tomonlar mavjud kelishuvlarni aniq amaliy loyihalar bilan boyitish, partiyalararo muloqotni muntazam davom ettirish va o‘zaro tajriba almashishni yanada kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.