Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda tarixiy qadam
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 12 sentyabrdagi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda mahsulot yetishtirishning uzluksizligini ta’minlash va yerdan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-172-son Farmoni bilan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar ijrachilariga o‘ziga ijaraga berilgan yer uchastkalarining bir qismiga nisbatan ijara shartnomasi bo‘yicha o‘z huquq va majburiyatlarini boshqa shaxsga o‘tkazish huquqi berildi.
Partiyamizning saylovoldi dasturida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijara huquqini bo‘lib sotish uchun qonuniy bazani takomillashtirish vazifasi belgilangan edi.
Farmondagi aynan shu (III-qism) norma saylovoldi dasturimizdagi g‘oyalarning amalga oshayotganligini isbotlamoqda.
Mazkur Farmon qishloq xo‘jaligida yer resurslaridan oqilona, samarali va uzluksiz foydalanish, bo‘sh turgan yer uchastkalarining o‘z vaqtida hisobga olinishi va realizatsiya qilinishini tashkil qilish, yer maydonlarini qayta ijaraga berish tartibini soddalashtirish maqsadida qabul qilindi.
Yer uchastkalariga bo‘lgan ijara huquqini qisman boshqa shaxsga o‘tkazishda bir qator qoidadan belgilangandi.
Birinchidan, ijarachining o‘zida qolayotgan va qayta ijaraga oluvchiga o‘tkazilayotgan yer uchastkalarining maydonlariga nisbatan talab.
Ushbu talab Yer kodeksining 461-moddasi talablari asosida belgilanib, qishloq xo‘jaligi sohasida mahsulot yetishtiruvchi sub’yektlarning barqaror faoliyat yuritishini ta’minlashga qaratilgan.
Ungu ko‘ra, ijarachining o‘zida qolayotgan va qayta ijaraga oluvchiga o‘tkazilayotgan yer maydonlari o‘lchamlari chegaralari quyidagicha:
- dehqon xo‘jaligini yuritish uchun — 0,06 gektardan 1 gektargacha (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan belgilangan ayrim hududlarda — 0,06 gektardan 5 gektargacha);
- fermer xo‘jaliklariga va boshqa yuridik shaxslarga:
sabzavotchilikka ixtisoslashganlarga — kamida 3 gektar;
bog‘dorchilikka, uzumchilikka ixtisoslashganlarga — kamida 3 gektar;
chorvachilik mahsulotini ishlab chiqarishga ixtisoslashganlarga ozuqa ekinlarni yetishtirish uchun (shartli bir bosh qoramol uchun) — sug‘oriladigan yerlardan — kamida 0,3 gektar, lalmikor yerlardan — kamida 1 gektar, yaylovlar va pichanzorlardan — kamida 2 gektar;
paxtachilik va g‘allachilikka ixtisoslashganlarga — kamida 30 gektar;
g‘allachilikka, sabzavotchilikka, pillachilik va tutchilikka ixtisoslashganlarga — kamida 10 gektar;
- agrosanoat klasterlari, shu jumladan kooperatsiya shaklidagi klasterlar uchun:
paxtachilik-to‘qimachilikka ixtisoslashganlarga — kamida 2000 gektar;
g‘allachilikka ixtisoslashganlarga — kamida 1000 gektar;
sabzavotchilik va polizchilikka ixtisoslashganlarga — kamida 200 gektar;
bog‘dorchilik, uzumchilikka ixtisoslashganlarga — kamida 100 gektar;
chorvachilik mahsulotini ishlab chiqarishga ixtisoslashganlarga ozuqa ekinlarini yetishtirish uchun (shartli bir bosh qoramol uchun) sug‘oriladigan yerlardan — kamida 0,3 gektar, lalmikor yerlardan — kamida 1 gektar, yaylovlar va pichanzorlardan — kamida 2 gektar;
pillachilik va tutchilikka ixtisoslashganlarga — kamida 10 gektar.
Ikkinchidan, yer uchastklarini qisman ijaraga berishda ularni ijarachi va qayta ijaraga oluvchi o‘rtasida taqsimlash qishloq xo‘jaligi xaritasidagi konturlar yaxlitligi va amaldagi sug‘orish tizimini saqlab qolgan holda alohida turgan konturlarni qayta taqsimlash orqali amalga oshiriladi.
Uchinchidan, yer uchastkalarini qisman qayta ijaraga berishda taraflar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasini bo‘lish va uni yangi chegaralarini belgilash bo‘yicha davlat xizmatidan foydalanishi belgilandi.
Tahlillarga ko‘ra, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijara huquqini boshqa shaxslarga o‘tkazish zarurati quyidagi hollarda yuzaga kelishi mumkin:
- ijarachiga ajratilgan yer maydonida mehnat qilishda ishchi kuchining yetishmasligi;
- mahsulot yetishtirishda moliyaviy imkoniyatlarning cheklanganligi;
- agrotexnik tadbirlarni bajarishda zamonaviy texnika va texnologiyalarni o‘zlashtirish imkoniyatlarining kamligi;
- yer resurslaridan oqilona foydalanishda investisiyalarni jalb qilish zaruratining yuzaga kelishi;
- qishloq xo‘jaligiga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish va boshqalar.
Prezidentimizning qabul qilgan mazkur Farmoni qishloq xo‘jaligida manfaatni yanada oshirish, investisiyalarni ko‘paytirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, bandlikni oshirish, eksportbop mahsulotlarni yetishtirishni rag‘batlantirishga qaratilgan tarixiy qadam sifatida e’tirof etish deb hisoblayman.
Baxtiyor Ruxitdinov
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Ishbilarmonlik muhitini yaxshilash,
biznesni qo‘llab-quvvatlash va partiya dasturlari monitoringi departamenti rahbari