Sayyor qabul: 267 ishtirokchi, 216 murojaat va amaliy yechimlar
Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumanida O‘zLiDeP tashabbusi bilan “Xalq bilan birga” dasturi doirasida sayyor qabul o‘tkazildi. Unda 267 nafar ishtirokchi, shundan 216 nafar fuqaro va 51 nafar deputatlar hamda mutasaddi tashkilot vakillari qatnashdi. Qabul davomida aholi bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, muammolar joyida o‘rganildi.
Jami 216 ta murojaat qabul qilinib, 78 ta masala ko‘tarildi. Shundan 43 tasi joyida ijobiy hal etildi, 26 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirish berildi, 9 ta masala esa nazoratga olinib, qo‘shimcha o‘rganishga yo‘naltirildi. Asosiy murojaatlar bandlik, uy-joy, kommunal xizmatlar va ijtimoiy yordamga oid bo‘ldi.
Sayyor qabul doirasida ijtimoiy yordamlar ham ko‘rsatildi. Jumladan, 2 nafar fuqaroga jami 100 mln so‘m moddiy yordam ajratildi, 10 nafar ehtiyojmandga 10 mln so‘mdan ko‘mak berildi. Shuningdek, 10 nafar fuqaro ishga joylashtirildi, 10 ta xonadonga chorva (qo‘y) yetkazib berildi, 10 nafarga tibbiy yo‘llanma taqdim etildi.
Bundan tashqari, 2 ta oilaga quyosh panellari o‘rnatish boshlandi, 2 nafar yoshga kompyuter jamlamasi berildi. Umuman, sayyor qabul har bir murojaatga yechim topish, aholi dardini eshitish va “Xalq bilan birga” tamoyilini amalda ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.