Tashabbusingizni qo‘llab-quvvatlaymiz, g‘oyalaringizni ro‘yobga chiqaramiz!
O‘zLiDeP tashabbusi bilan “Xalq bilan birga” umummilliy loyihasi doirasida Urganch shahrida “Ishbilarmon ayol–2026” ko‘rik-tanlovining shahar bosqichi o‘tkazildi. Unda tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan, yangi g‘oya va tashabbuslari bilan jamiyat rivojiga hissa qo‘shayotgan xotin-qizlar ishtirok etdi.
Tanlov davomida ishtirokchilar o‘z biznes loyihalari, ishlab chiqarayotgan mahsulotlari va erishgan natijalarini namoyish qildi. Bu kabi tashabbuslar orqali xotin-qizlarning tadbirkorlik salohiyatini yuzaga chiqarish, ularning yangi g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va yangi ish o‘rinlari yaratishga ko‘maklashish maqsad qilingan.
Tanlov yakuniga ko‘ra, “Gʻayrat-Mustafo” oilaviy korxonasi rahbari Sanobar Jumaniyazova 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Mazkur korxona 2010 yildan buyon novvot ishlab chiqarish yo‘nalishida faoliyat yuritib, bugungi kunda 21 nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlab kelmoqda. Kelgusida sutni qayta ishlash syexini ishga tushirish orqali yana qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish rejalashtirilgan.
“Ishbilarmon ayol” tanlovi nafaqat eng faol tadbirkorlarni aniqlash, balki yangi biznes g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash, tajriba almashish va ayollarni tadbirkorlikka keng jalb etish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu esa o‘z navbatida bandlikni ta’minlash, oilaviy daromadlarni oshirish va hududlar iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga hissa qo‘shmoqda.