Tashabbusli byudjetda g‘olib bo‘lmagan, ammo ahamiyatli loyihalar aholi muammolarini yechishga xizmat qiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Barno Berdiyeva Urganch shahri va Xonqa tumani hududlarida tashabbusli byudjet jarayonlari doirasida g‘olib bo‘lmagan, ammo aholi uchun dolzarb hisoblangan loyihalarni o‘rgandi.
Deputat dastlab aholi bilan ochiq muloqot olib borib, ularning taklif va muammolarini tingladi. Xususan, Urganch shahridagi “Ko‘hna qal’a”, “Yuqori bog‘”, “Yangi O‘zbekiston”, “Bo‘ston” hamda Xonqa tumanidagi “Mustaqillik” mahallalaridagi ichki yo‘llar holati, piyodalar yo‘laklari va yoritish tizimi dolzarb e’tiborga muhtojligi aniqlandi. Bu muammolar ayniqsa imkoniyati cheklangan bolalarning harakatlanishi va aholining kundalik turmushiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, 1-sonli texnikum ustaxonalari moddiy-texnik jihozlanishi va zamonaviy sharoitlar bilan ta’minlash loyihasi ham tashabbusli byudjetda g‘olib bo‘lmagan bo‘lsa-da, deputatning diqqat markazida bo‘lib, bu sohada ham tezkor chora-tadbirlar amalga oshirilishi belgilandi.
Uchrashuvlar yakunida aholi tomonidan bildirilgan muammolar yechimsiz qolmasligi, ularni hal etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi ta’kidlandi. Bu sa’y-harakatlar tashabbusli byudjet jarayonlarini yanada samarali qilish va mahallalar turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi.