Shumanay tumanidagi 2 ta ovulda ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati G. Xalmuratova va O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi departament rahbari A. Alimov hududlarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligini o‘rganish doirasida Shumanay tumani mahallalarida aholi bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Ana shunday muloqot doirasida “Mamiy” mahallasida 23-sonli maktabga olib boruvchi yo‘lning holati hamda “Shor jap” va “Diydar” ovullarining ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq muammolar joyida o‘rganildi. Natijada maktabgacha bo‘lgan 1,6 kilometr yo‘lga asfalt qoplamasi yotqizish, 6-son suv taqsimlash inshootini rekonstruksiya qilish va ovullarga 22 kilometr ichimlik suvi tarmog‘ini tortish bo‘yicha takliflar bildirildi. “Aqjap” mahallasida esa 90 o‘rinli maktabgacha ta’lim muassasasini zarur jihozlar bilan ta’minlash masalasi ko‘rib chiqildi.
Qabul davomida “Birleshik” mahallasida yosh tadbirkorlar bilan muloqotda baliqchilik bilan shug‘ullanuvchi Aynura Jumabayevaning faoliyatini kengaytirish istagi o‘rganildi. Uning o‘rdakchilik yo‘nalishidagi tadbirkorligini rivojlantirish uchun grant ajratish taklifi ilgari surildi. Mahallalardagi o‘rganishlar yo‘l, ichimlik suvi, ta’lim, maktabgacha ta’lim va tadbirkorlikka oid masalalarni aholi bilan birga aniqlash hamda ular bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqish deputatlik faoliyatining muhim natijasi bo‘layotganini ko‘rsatmoqda.