Yagona Vatan, yagona xalq — yagona maqsad sari
“Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida O‘zLiDeP Sayxunobod tuman Kengashi hamda Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi hamkorligida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz” shiori ostida madaniy-ma’rifiy shou dasturi tashkil etildi.
– Bu kabi tadbirlar insonlarda vatanga muhabbat va iftixor tuyg‘usini yanada kuchaytiradi, – dedi tadbir ishtirokchisi Nargiza Turdibekova. – Zero, mustaqillik — tinch va erkin hayot, farzandlar kelajagiga ishonch timsoli.
Shu ma’noda, “Xalq bilan birga” dasturi doirasida tashkil etilayotgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar aholini ezgu maqsadlar atrofida birlashtirish, keksalarga mehr-e’tibor ko‘rsatish, yoshlarni kitobxonlikka jalb etish va jamiyatda hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Yagona Vatan va yagona xalq bo‘lib, umumiy maqsad sari harakat qilish esa yangi hayot va farovon kelajakning muhim poydevoridir.
Tadbir yakunida “1 kunda 1000 kitob” aksiyasi doirasida tadbir ishtirokchilariga turli mavzulardagi kitoblar tarqatildi.