Qoraqalpog‘istonda iqtisodiyotni rivojlantirish orqali farovonlikka erishamiz
Prezidentimiz Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida 2026 yilni “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qildi. Ushbu qaror Yangi O‘zbekistonda inson qadri, adolat va farovonlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Murojaatnomada mahalla nafaqat yashash joyi, balki ijtimoiy barqarorlik, jamoatchilik birdamligi va iqtisodiy taraqqiyotning muhim ustuni ekani alohida ta’kidlandi. Shu bois davlat bilan xalq o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashda mahallaning o‘rni yanada oshirilmoqda. “Yettilik” tizimi joriy qilinib, 100 dan ortiq xizmatlar mahalla darajasiga tushirildi.
Islohotlar samarasi o‘laroq, mamlakatimizda 7,5 million fuqaro kambag‘allikdan chiqarildi, ishsizlik darajasi keskin qisqardi. Ilgari orzudek tuyulgan iqtisodiy marralar bugun real natijaga aylanib, yalpi ichki mahsulot hajmi 145 milliard dollardan oshdi, eksport esa 23 foizga o‘sib, 33,4 milliard dollarga yetdi.
Bu yutuqlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham aholi daromadlarini oshirish, iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Hududda mahalliy xomashyoni qayta ishlash, yangi dish o‘rinlari yaratish, yoshlar va xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etishga qaratilgan loyihalar izchil amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, mahalla darajasida tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga o‘qitish, texnikumlarda zamonaviy ta’lim muhitini yaratish orqali Qoraqalpog‘iston aholisining barqaror daromad manbalari kengaymoqda. Bu esa hududiy iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bilan birga, jamiyatda ijtimoiy adolat va farovonlikni mustahkamlamoqda.
Xulosa qilib aytganda, Prezident Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar Qoraqalpog‘istonda ham izchil amalga oshirilib, mahalla – iqtisodiy rivojlanish, tadbirkorlik va aholi farovonligining tayanchiga aylanmoqda.