Asosiy kontentga o‘tish
Dushanba 22-dekabr 2025-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Yaponiya matbuoti: O‘zbekiston mintaqaviy integratsiya va raqamli taraqqiyotda hal qiluvchi kuch

19.12.2025
132

Yaponiyaning nufuzli "The Japan Times" nashrida davlatimiz rahbarining Yaponiyaga rasmiy tashrifiga bag‘ishlangan tahliliy maqola e’lon qilindi. Unda O‘zbekiston – Yaponiya munosabatlari keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani, bu jarayonning mintaqaviy va global ahamiyati atroflicha yoritilgan. Bunday xalqaro e’tibor mamlakatimiz tashqi siyosatining to‘g‘ri yo‘nalishda ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Maqolada alohida ta’kidlanishicha, Prezidentimiz rahbarligida O‘zbekiston keng ko‘lamli va dadil islohotlar yo‘lini tanladi. Ilgari yopiq bo‘lgan tizimlar ochildi, izolyasiya siyosatiga chek qo‘yildi, mamlakat xalqaro hamjamiyat bilan ochiq va konstruktiv muloqotga tayyor ekanini amalda namoyon qildi. Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi chuqur o‘zgarishlar O‘zbekistonni jahon maydonida faol va mas’uliyatli ishtirokchi sifatida mustahkam pozisiyaga olib chiqdi.

Nashrda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik siyosiy muloqot, parlament diplomatiyasi, iqtisodiyot, investisiya, ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniy-gumanitar sohalarda tizimli ravishda rivojlanib borayotgani keng yoritilgan. Yaponiya sarmoyasi ishtirokidagi qo‘shma korxonalar, infratuzilma va tibbiyot loyihalari, ta’lim dasturlari hamda kadrlar tayyorlash tashabbuslari ikki davlat munosabatlarining mustahkam iqtisodiy va insonparvar poydevorga ega ekanini ko‘rsatadi.

Ayniqsa, maqolada O‘zbekistonning “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti doirasidagi yetakchi o‘rniga alohida urg‘u berilgan. Mintaqadagi eng yirik aholiga ega, muhim transport va logistika chorrahasida joylashgan davlat sifatida O‘zbekiston mintaqaviy integratsiya, infratuzilmani modernizatsiya qilish va raqamli taraqqiyotni ilgari surishda hal qiluvchi rol o‘ynayotgani qayd etilgan. Bu Yaponiya uchun ham butun Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni chuqurlashtirishda ishonchli platforma hisoblanadi.

Umuman, bunday nufuzli xalqaro nashrda chop etilgan maqola Prezidentimiz olib borayotgan islohotlar va ochiq tashqi siyosatning xalqaro maydonda keng e’tirof etilayotganini yaqqol ko‘rsatadi. Bu esa Yangi O‘zbekiston taraqqiyot yo‘lining to‘g‘ri tanlanganini, mamlakatimiz uchun yangi imkoniyatlar va strategik sherikliklar davri boshlanganini anglatadi.

Aktam XAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
O'zLiDeP fraksiyasi rahbari

Saytni yangi dizayni yoqdimi?