“Marjona tekstil” rahbari o‘z tajribasini xonqalik ayollar bilan bo‘lishdi
O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida Xorazm viloyati Xonqa tumanida xotin-qizlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, ularning biznes sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda ilg‘or tadbirkor ayollar tajribasini ommalashtirishga qaratilgan “Bugunning tadbirkor ayoli” loyihasi doirasida tadbir o‘tkazildi.
Unda “Ishbilarmon ayol – 2026” ko‘rik-tanlovining hududiy-Respublika bosqichida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan “Marjona tekstil” MCHJ qo‘shma korxonasi rahbari Dilafro‘z Bekchanovaning tadbirkorlik faoliyati o‘rganildi.
Ta’kidlash kerak, 2 yil avval tashkil etilgan korxona bugungi kunda bolalar kiyim-kechaklari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari asosida kuniga 2 ming dona mahsulot tayyorlamoqda. Korxona mahsulotlariga ichki bozor bilan bir qatorda xorijda ham talab yuqori bo‘lib, ayni paytda Turkiya, Rossiya va MDH bozorlariga eksport amalga oshirilmoqda. Joriy yilning o‘zida Rossiyaga 1 milliard so‘mlik bolalar kiyim-kechaklari eksport qilingan. Korxonada 50 nafardan ortiq xotin-qiz doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lib, ularning 20 foizini nogironligi bo‘lgan ayollar tashkil etadi.
Tadbir davomida “Marjona tekstil” korxonasi rahbari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, yangi bozorlarni o‘zlashtirish, eksport salohiyatini oshirish va xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasidagi tajribalari bilan bo‘lishdi. Partiyaning mazkur loyihasi xotin-qizlarni biznesga keng jalb etish hamda o‘z sohasida yuqori natijalarga erishayotgan ilg‘or tadbirkor ayollar tajribasini ommalashtirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.