Asosiy kontentga o‘tish
Seshanba 13-oktyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Ishonchli hamkorlikdan mushtarak taraqqiyot sari

12.10.2026
135

Turkmanistonning Avaza shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvi mintaqamiz so‘nggi yillarda qay darajada o‘zgarganini yana bir bor tasdiqladi.Ilgari hal etilmagan muammolar va cheklangan iqtisodiy aloqalar bilan tavsiflangan mintaqa bugun o‘zaro hamkorlik va integratsiyaning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda.

Bugun Markaziy Osiyo ishonch, pragmatizm va mushtarak iqtisodiy taraqqiyot makoniga aylanmoqda. Bu jarayonga 2017-yilda Prezidentimiz ilgari surgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarini tashkil etish tashabbusi asos bo‘ldi. 2018-yilda Ostonada boshlangan muloqotlar Toshkent, Avaza, Cho‘lpon ota, Dushanbe va Ostonada davom etdi. 2025-yil noyabrda Toshkentda o‘tkazilgan yettinchi sammitda Ozarbayjonning to‘la huquqli ishtirokini ta’minlash bo‘yicha tarixiy qaror qabul qilindi.

Turkmanistondagi navbatdagi uchrashuv esa kengaytirilgan formatda o‘tkazilgan ilk sammit bo‘ldi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida shunchaki o‘zaro savdoni ko‘paytirishdan qo‘shma sanoat va texnologik zanjirlarni yaratishga o‘tishni taklif etdi. Yangi yondashuvning mohiyati «olti iqtisodiyot — bitta mahsulot» formulasida teran ifodalangan. Bu — bir nechta davlatlar korxonalari umumiy qo‘shilgan qiymatni shakllantirishda (xomashyo va butlovchi qismlardan tortib qayta ishlash, yig‘ish, logistika va tayyor mahsulot eksportigacha) faol ishtirok etadigan mintaqaviy kooperatsiyaning sifat jihatdan yangi bosqichidir.

Ozarbayjonning ushbu formatga qo‘shilishi nechog‘li to‘g‘ri qadam bo‘lganini ko‘rib turibmiz. Dengizga bevosita chiqish imkoni bo‘lmagan O‘zbekiston uchun Kaspiy yo‘nalishi Turkmanboshi va Bok-u orqali Kavkaz, Turkiya hamda Yevropa bozorlariga chiqadigan qo‘shimcha marshrutlarni ochadi. Turkmanboshi xalqaro dengiz porti neft mahsulotlarini hisobga olmagan holda yiliga 17 million tonnagacha yukni qayta ishlash quvvatiga ega. Shu sababli Infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha kengash tuzish, transport loyihalarini muvofiqlashtirish hamda transport koridorlari bo‘ylab sanoat va logistika zonalarini shakllantirish bo‘yicha takliflar iqtisodiyotimiz uchun yuksak amaliy ahamiyatga ega.

Bunday hamkorlikning iqtisodiy poydevori allaqachon shakllangan. 2025-yilda O‘zbekistonning Turkmaniston bilan savdo aylanmasi qariyb 1,2 milliard dollarga yetdi. Ozarbayjon bilan aloqalar ham jadal kengaymoqda. 2017–2025-yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash 9,5 baravarga oshib, 307,3 million dollarni tashkil etdi. O‘zbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokida 460 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Demak, Maslahat formatining kengayishi Markaziy Osiyoni Janubiy Kavkaz bilan ham siyosiy, ham iqtisodiy jihatdan mustahkam bog‘laydi.

Kelgusi kun tartibining miqyosi ham kam emas. O‘zbekiston qo‘shma investitsiya loyihalarini moliyaviy-texnik kuzatib borish platformasini yaratish, 2027-yilda Xivada Markaziy Osiyo va Ozarbayjon biznes-forumini o‘tkazish, past uglerodli energetika bo‘yicha qo‘shma konsepsiyani tayyorlash, muhim minerallar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish hamda o‘zaro bog‘langan milliy ma’lumotlar markazlari (data-markazlar) bazasida umumiy hisoblash infratuzilmasini shakllantirishni taklif etdi. Bu mintaqada iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, qo‘shma investitsiyalarni ko‘paytirish, energetika va sanoatni rivojlantirishga xizmat qiladi.

O‘zLiDeP va deputatlik korpusimiz uchun Avazadagi uchrashuv yakunlari alohida ahamiyatga ega. Partiyamiz tadbirkorlik, xususiy tashabbusni rivojlantirish, qulay investitsiya muhitini yaratish va ishbilarmon doiralar uchun imkoniyatlarni kengaytirish tarafdori sifatida izchil harakat qilmoqda. Mintaqaviy iqtisodiy integratsiya ushbu ustuvor yo‘nalishlarimizga to‘liq mos keladi. Chegaralarda to‘siqlar qancha kam bo‘lsa, transport va moliyalashtirish qanchalik qulay bo‘lsa, qo‘shma ishlab chiqarish va sotuv bozorlari qanchalik ko‘paysa, tadbirkor o‘zini shunchalik ishonchli his qiladi.

Avazadagi uchrashuv Markaziy Osiyo siyosiy ishonch iqtisodiy kapitalga aylanadigan yangi bosqichga qadam qo‘yayotganini yana bir bor ko‘rsatdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan boshlangan bunday format mintaqaviy muloqotni qayta tiklashdan tortib amaliy kooperatsiya maydonini shakllantirishgacha bo‘lgan samarali yo‘lni bosib o‘tdi. Bu — O‘zbekiston uchun yangi bozorlar, yo‘nalishlar, investitsiyalar, ishlab chiqarish va ish o‘rinlarini yaratishning yangi imkoniyatlaridir.

 

 

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari

Saytni yangi dizayni yoqdimi?