O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari boshchiligidagi ishchi guruh hududlardagi muammolarni o‘rganmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari boshchiligidagi ishchi guruh Andijon viloyatidagi islohotlar ijrosi, aholi bandligi, tadbirkorlik va infratuzilma masalalarini joyiga chiqqan holda o‘rganmoqda.
Ana shunday uchrashuvlardan biri Ulug‘nor tumanida tashkil etildi. Unda 862 ta kambag‘al oiladagi 3 556 nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi. Baliqchida esa “Tetratex” MCHJda 400 nafar, “Vodud 48” MCHJda 85 nafar, “LB sport” MCHJda 250 nafar aholi ish bilan ta’minlangani, Bo‘stonda “Rash Milk” korxonasida 180 nafardan ziyod ishchi mehnat qilib, mahsulotlarning 45 foizi Tojikiston va Qirg‘izistonga eksport qilinayotgani qayd etildi.
Xo‘jaobodda 2010 yilda 6 nafar ishchi bilan ish boshlangan “Zamon tekstil” korxonasida bugun 50 dan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqarilib, 800 nafardan ziyod doimiy ish o‘rni yaratilgani o‘rganildi. Shu bilan birga, “Imom ota” turizm qishlog‘iga olib boruvchi avtomobil yo‘lining 12 km qismini kapital ta’mirlash va 1957 yilda qurilgan 3-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotini rekonstruksiya qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Buloqboshida “M. Ismoiliy” mahallasi aholisining 48 foizi uzumchilik bilan shug‘ullanayotgani, “Oltiariq Agrostar” tomonidan 100 gektar yangi tokzor barpo etish va 150 gektar tokzorni yangi danaksiz navlarga o‘tkazish ishlari olib borilayotgani qayd etildi. “Ulkan” kanali va gidrotexnik inshootlarni rekonstruksiya qilish orqali “Oybek”, “Navoiy” va “Uchtepa” massivlaridagi 683 gektar ekin maydonining suv ta’minotini yaxshilash, “Sarvontepa”dagi 6,9 MVt quvvatli GES uchun yangi podstansiya qurish masalalari ham muhokama qilindi. Bo‘ston va Baliqchida fermerlar bilan muloqotlarda suvdan tejamkor foydalanish, tomchilatib sug‘orish va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish masalalariga e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda qayd etilganidek, Shahrixonda 66 ta mahallada 109 ta transformator va 1 222 ta beton tayanch o‘rnatilib, 38,24 km SIP kabel tarmog‘i tortilgani, 31 ta mahallada 8,13 km ichimlik suvi tarmog‘i qurilib, 23 ta suv nasosi o‘rnatilgani ma’lum qilindi. Baliqchida “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan oilalar ulushi yil boshidagi 4,4 foizdan 3,9 foizga tushirildi. “Qiyali” mahallasidagi 240 o‘rinli eski maktab o‘rniga 960 o‘rinli yangi maktab qurilishi belgilanib, Andijon – Namangan avtomobil yo‘lining Baliqchi hududidan o‘tuvchi 25 km qismida maxsus to‘siqlar o‘rnatish, Ulug‘norni Farg‘ona va Namangan viloyatlari bilan bog‘lovchi yo‘lning 17 km qismini ta’mirlash kabi vazifalar ko‘rib chiqildi.
O‘rganishlar natijasida hududlarda mavjud iqtisodiy va ijtimoiy salohiyatni to‘liq ishga solish, infratuzilma muammolarini bartaraf etish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni belgilash vazifalariga e’tibor qaratildi.