Asosiy kontentga o‘tish
Chorshanba 21-oktyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

O‘zLiDeP qoraqalpoqlik kreativ tadbirkor yoshlarning biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlaydi

20.10.2026
149

O‘zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan Nukus shahrida «Xalq bilan birga» umummilliy dasturi doirasida «Kreativ tadbirkor yoshlar» forumi tashkil etildi. Unda yoshlar o‘z startap loyihalarini taqdim etib, zamonaviy texnologiyalar orqali mavjud muammolarga yechim topish borasidagi g‘oyalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Tanlovda birinchi o‘rinni Shumanay tumanidan Karimbergenov Xudaybergenning «Aqlli aptechka» loyihasi egalladi. Ushbu qurilma dori-darmonlarni o‘z vaqtida qabul qilishni eslatish, salomatlikni kuzatish va zarur hollarda tez tibbiy yordamga xabar berish imkoniyatlarini birlashtiradi. Loyiha, ayniqsa, keksa yoshdagilar, doimiy dori qabul qiladigan bemorlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun muhim qulaylik yaratishga qaratilgan.

Ikkinchi o‘rinni 18 yoshli tadbirkor Maksetov Torebekning «Shartli» mobil dasturi, uchinchi o‘rinni esa Atajanova Araztajning «EcoDrop Anti-Termite» loyihasi qo‘lga kiritdi. «Shartli» qarz, nasiya va ijara munosabatlarini raqamlashtirish, elektron shartnomalar tuzish va to‘lovlarni nazorat qilishga yordam beradi. Muallif taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha uchun Qoraqalpog‘istondan 40 ming, Angliyalik investorlardan esa 20 ming AQSH dollari miqdorida investisiya jalb qilingan. «EcoDrop Anti-Termite» esa qizilmiya ildizi asosida termitlarga qarshi biologik vosita yaratish orqali uy-joylar va tarixiy obidalarni himoya qilishni maqsad qilgan.

Forum doirasida ko‘rgazma, biznes-marafon va sun’iy intellekt, veb-dasturlash hamda kiberxavfsizlik bo‘yicha seminarlar ham o‘tkazildi. Bu kabi tashabbuslar yoshlarning g‘oyalarini amaliy loyihalarga aylantirish, investisiya jalb qilish va yangi ish o‘rinlari yaratish uchun muhim imkoniyatdir. Eng muhimi, yoshlar nafaqat o‘z kelajagini, balki hudud iqtisodiyoti rivojiga hissa qo‘shadigan yangi yechimlarni ham yaratmoqda.

Saytni yangi dizayni yoqdimi?