Tibbiyotda xususiy sektor imkoniyatlari kengaytiriladi
O‘zLiDePning «Xalq bilan birga» umummilliy dasturi doirasida Xorazm viloyati Kengashi majlislar zalida «O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimi transformatsiyasi» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Muloqotda xususiy tibbiyot imkoniyatlaridan samarali foydalanish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, zamonaviy diagnostika va davolash usullarini joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, xususiy tibbiyot muassasalari uchun mavjud byurokratik to‘siqlarni kamaytirish, zamonaviy tibbiy uskunalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va malakali kadrlarni jalb etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Tibbiyot sohasini raqamlashtirish, elektron tibbiy karta, onlayn navbat va shifokor qabuliga elektron yozilish kabi xizmatlarni kengaytirish orqali aholi uchun yanada qulay sharoit yaratish muhimligi ta’kidlandi.
Davra suhbati yakunida aholiga sifatli, zamonaviy va hamyonbop tibbiy xizmatlar ko‘rsatishni kengaytirish, profilaktika va erta diagnostika tizimini kuchaytirish hamda xususiy sektor salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy takliflar shakllantirildi.