Asosiy kontentga o‘tish
Shanba 26-sentyabr 2026-yil
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
Virtual qabulxona
0
Virtual qabulxona
Xayriya qilish

Andijon iqtisodiyotining yangi o‘sish nuqtalari

25.09.2026
59

Bugun Andijonda iqtisodiy rivojlanish yangi bosqichga chiqmoqda. Aholisi 3,5 milliondan ziyod, yer resurslari esa cheklangan viloyat uchun mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish juda muhim. Bu yo‘nalishdagi o‘zgarishlar iqtisodiy ko‘rsatkichlarda ham ko‘rinib turibdi.

Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyotida ijobiy o‘sish kuzatildi. Jumladan, hudud iqtisodiyoti 8,8 foizga, sanoat 9,2 foizga, xizmatlar sohasi esa 16,1 foizga o‘sdi. Investitsiyalar hajmining 8,9 foizga ko‘payishi yangi korxonalar va ishlab chiqarish quvvatlari tashkil etilayotgani, tadbirkorlik faolligi oshib borayotganidan dalolat beradi.

Prezidentimizning Andijon viloyatiga tashrifi doirasida ishga tushirilgan va qurilishi boshlangan 206 ta investitsiya loyihasini ham viloyat iqtisodiyotining kelgusi o‘sish nuqtalari sifatida baholash mumkin. Ularning umumiy qiymati 9,4 milliard dollar bo‘lib, 98 ta loyiha 2,05 milliard dollarlik investitsiya bilan ishga tushirilgan, yana 108 ta loyihaning 7,35 milliard dollarlik qismi bo‘yicha qurilish boshlangan.

Eng muhimi, loyihalar birgina sanoatga emas, energetika, mashinasozlik, to‘qimachilik, qurilish, farmatsevtika, logistika, turizm, ta’lim va tibbiyot kabi o‘zaro bog‘liq tarmoqlarga yo‘naltirilgan. Bu esa viloyat iqtisodiyotini bir nechta yo‘nalishga tayanib, barqaror va diversifikatsiyalangan tizim sifatida rivojlantirish imkonini beradi.

Loyihalarning iqtisodiy ahamiyatini tahlil qiladigan bo‘lsak, ularning to‘liq amalga oshirilishi natijasida 45 mingdan ziyod ish o‘rni, yiliga 60,6 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va 533 million dollarlik eksport salohiyati yaratiladi. Bu Andijon uchun oddiy investitsiya hajmidan ko‘ra kengroq imkoniyatni anglatadi: mahalliy xomashyoni qayta ishlash, yangi texnologik zanjirlarni shakllantirish, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish va mehnat unumdorligini oshirish uchun yangi iqtisodiy baza paydo bo‘ladi.

Elektr avtobuslari, quyosh panellari, mikrogidroenergetika uskunalari, mebel va charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish kabi loyihalar ham viloyat sanoatining tarkibiy jihatdan yangilanayotganini ko‘rsatadi.

Andijonning iqtisodiy salohiyatini to‘liq ishga solish faqat yangi korxonalar sonini ko‘paytirish bilan o‘lchanmaydi. Har bir investitsiya har bir gektar yerdan ko‘proq qiymat olish, yuqori daromadli ish o‘rni yaratish va tadbirkorlik uchun yangi imkoniyat ochishi kerak.

206 ta loyiha doirasida shakllanayotgan ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish quvvatlari viloyatning mavjud sanoat tajribasi, tadbirkorlik salohiyati va inson kapitali bilan uyg‘unlashsa, iqtisodiy o‘sishning ta’siri yanada kengayadi. Pirovard natijada bu jarayon yangi ish o‘rinlari va daromadlar orqali mahallalar hayotiga kirib borib, Andijonning iqtisodiy o‘sishini aholi farovonligiga aylantirishga xizmat qiladi.

Andijonga tashrif doirasida o‘tkazilgan yig‘ilishda hudud iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, investitsiyalarni ko‘paytirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha muhim vazifalarni belgilab berdi.

Viloyatda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini yanada oshirish, uning samarasini aholi hayotida aks ettirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilanmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foizga o‘sdi. Bu davrda sanoat tarmog‘ida 9,2 foiz, xizmatlar sohasida esa 16,1 foizlik o‘sish qayd etildi. Hududga jalb etilgan investitsiyalar hajmi esa  8,9 foizga ko‘paydi.

Hudud iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalar, avvalo, ishlab chiqarish hajmini oshirish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi. 2027-yilda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini kamida 10 foizga yetkazish, 5 milliard dollar miqdorida investitsiyalarni jalb qilish, eksport hajmini esa 1,5 milliard dollarga chiqarish yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirishga turtki beradi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish, loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini kengaytirish iqtisodiy taraqqiyotning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Bu borada kredit ajratishda faqat garovga emas, balki tadbirkorning pul oqimi, shartnomalari, buyurtmalari va tovar aylanmasiga ham e’tibor qaratish, 500 million so‘mgacha bo‘lgan kreditlarni biznes-rejasiz ajratish bo‘yicha yangi yondashuvlar belgilangani ayni muddao bo‘ldi. Mazkur choralar tadbirkorlik faolligini oshirish, yangi loyihalarni amalga oshirish va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Umuman olganda, davlatimiz rahbarining viloyatga tashrifi doirasida belgilab berilgan vazifalarning samarali ijrosi, eng avvalo, mahallalarda yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlash, oilalar daromadini oshirish hamda tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochishga xizmat qiladi.

Fraksiyamiz a’zolari belgilab berilgan vazifalarning joylarda samarali amalga oshirilishi, ajratilayotgan resurslardan oqilona va maqsadli foydalanilishi hamda amalga oshirilayotgan har bir loyiha va tashabbusning aholi manfaatlariga yo‘naltirilishini ta’minlash maqsadida deputatlik va jamoatchilik nazorati mexanizmlarini yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratadi.

 

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

 O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari

Saytni yangi dizayni yoqdimi?